Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar yetakchisi: Qo‘ziqorin yetishtirishni mahallamiz drayveriga aylantirishni niyat qilganman
17:18 / 2023-02-28

bugungi kunda har bir shaharcha, qishloq, mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, asosiy vazifalari belgilab berilgan. Yetakchilar tomonidan «Yoshlar balansi»ni shakllantirish, ular to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «Yoshlar daftari»ga kiritib borish orqali samarali ish tashkil qilinmoqda. Shuningdek, o‘zlari ham tadbirkorlik qilib ish o‘rni yaratish, sof va halol daromad topishda mahalladagi yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Toshkent» mahallasi yoshlar yetakchisi Dovudxon Aliyorov mahalla markazida kichik sanoat zonasini tashkil qilish orqali yoshlar ishsizligini bartaraf qilishni niyat qilgan.

– Mahallamiz tuman markazida joylashgani bois, yoshlarning bandligini ta’minlashda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik sohalariga ko‘proq e’tibor beryapmiz, – deydi Dovudxon Aliyorov. – O‘tgan yil davomida bo‘lajak tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi bilan birgalikda 9 nafar yoshga imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashdik. Ulardan biri qandolat mahsulotlari tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 4 nafar yosh oilaviy chorvachilik, yana bir nafari asalarichilik bilan shug‘ullanyapti. 2 nafar yosh novvoyxona, yana biri kompyuter xizmatlari markazini ochdi. Ularni mahallamiz markaziga jamlab, hududimizda mo‘’jaz sanoat zonasini tashkil qildik va shu yo‘l bilan yoshlar orasidagi ishsizlikni ham bartaraf etyapmiz.

Mahallamizda tadbirkorlar sonini ko‘paytirish maqsadida tadbirkorlar bilan kelishgan holda har chorakda biznes-trening tashkil qilib, tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarga soha sirlari o‘rgatilyapti. Hozir yosh tadbirkorlarimiz soni 30 nafarga yetdi. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ustoz va shogird an’analari bilan band bo‘lgan yoshlar esa 100 dan oshdi. Sanoat zonamizda 5 turdagi o‘quv markazi tashkil etdik. Ulardan biri IT-park markazi bo‘lib, bu yerda yoshlar zamonaviy kasblar va kompyuter savodxonligini o‘rganmoqda.

Chortoq tumanidagi «Bo‘lon» mahallasi yoshlar yetakchisi Davronbek Rajabboyev yoshlar bandligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligiga murojaat qildi.

– Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning sonini ko‘paytirish maqsadida hududimizdagi 41-maktabning foydalanilmayotgan bo‘sh binosida qo‘ziqorin yetishtirishni o‘yladik, –dedi Davronbek Rajabboyev.– Buning uchun sohadan xabari bo‘lgan Ulug‘bek Mirzaliyevga imtiyozli kredit va joy ajratib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkonini yaratib berdik. Mahallamizda ilk bora yo‘lga qo‘yilgan g‘ayrioddiy tadbirkorlik kutilgandanda yaxshi samara berdi. Ulug‘bek daromad olish bilan birga, mahalladagi 4 nafar yoshning bandligini ham ta’minladi. Endilikda shu 4 nafar yoshning barchasi mustaqil qo‘ziqorin yetishtirib, o‘z tadbirkorligini boshlash niyatida. Men esa ko‘p xarajat va maxsus bino talab qilmaydigan mazkur tadbirkorlik turini mahallamiz drayveriga aylantirishni maqsad qilganman.

Limonchilik bilan shug‘ullanish ham tadbirkorlikning o‘ziga xos yo‘nalishi hisoblanadi. Norin tumanidagi «Boyovul» mahallasining yoshlar yetakchisi Elshodbek Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, 535 xonadondan iborat mahalladagi hamma hovlida limonzorni uchratasiz.  

– Hozir mahallada kimdir limon yetishtirsa, boshqasi limon ko‘chatini ko‘paytiradi, –dedi Elshodbek Xudoyberganov. – 2008 yili Valijon hoji ota mahallamizga ilk bor limonariya sohasini olib kirib, yillar davomida shu sohaning rivojiga hissa qo‘shgan. Otaxon yaxshi daromad ola boshlagach, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar ham limon yetishtirish bilan shug‘ullana boshlagan. Shu tariqa mahallada hamma limonchilikni o‘rgandi. Bu sohani yanada kengaytirish, yoshlarning sohadan daromad olishini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahallamizda limonchilik bo‘yicha o‘quv kursini ham tashkil etganmiz. U yerda Valixon hoji otaning farzandi, limonchilik bo‘yicha mutaxassis Jasurbek Mahmudov dars beradi. O‘quv jarayonlari amaliy va nazariy olib boriladi. Amaliy dars jarayonida o‘quvchilar Jasurbek Mahmudovning limonzorida sohani o‘rganmoqda.

O‘tgan yili «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 27 nafar yosh limonchilik bilan shug‘ullanib, o‘zini o‘zi band qildi. 4 nafariga subsidiya asosida issiqxona qurib berilgan bo‘lsa, 5 nafariga urug‘-ko‘chatlar uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. 18 nafariga esa ijara asosida yer ajratib berildi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA