Mamlakatimizda yoshlar yetakchilari faoliyatini takomillashtirish, ularning yoshlar bilan uzviy bog‘lanib, ularga yaqindan ko‘mak berishlariga imkoniyat yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan yoshlar yetakchilarining bir guruhi hozirda Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekinda joylashgan Davlat boshqaruvi milliy akademiyasida malaka oshirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat boshqaruvi milliy akademiyasi Xitoyda davlat xizmatchilari va rahbar kadrlarni tayyorlash bo‘yicha eng nufuzlilardan biri hisoblanadi.
O‘quv jarayonida yoshlar yetakchilari davlat boshqaruv tuzilmasini o‘rganib, xalqaro tajriba asosida yangi g‘oyalar ishlab chiqish va ularni mahallalarda tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, akademiya yoshlarga davlat boshqaruvi, strategik rejalashtirish, innovatsion menejment va ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishlarida ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatini beradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA