Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar yetakchilari tajriba oshirmoqda
09:04 / 2024-05-15

Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan 200 nafardan ortiq yoshlar yetakchisi uchun amaliy seminar o‘tkazilmoqda.

Seminardan  ko‘zlangan asosiy maqsad Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga asosan mahalladagi yoshlar yetakchilarining doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib borishdir. Bunda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etishda yetakchilarning vazifalarini belgilab olishga e’tibor qaratiladi.  

O‘quv-seminar ishtirokchilari oromgohning faollar zalida bir qator joylarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan rejalar  bilan tanishdi. Xususan, yoshlar yetakchilari va tegishli mas’ullar ishtirokida “Yoshlarga yer ajratish”, “Liderlik qobiliyatini shakllantirish”, “Vaqtdan unumli foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish”, “Huquqbuzarlikka moyilligi bor yoshlar bilan tizimli ishlash”, “Yoshlar murojaatlari bilan ishlash”, “Besh tashabbus loyihalari”, “Yoshlar daftari tizimining maqsadi” kabi qator mavzularda zarur tavsiyalar berilmoqda.  

– Seminar kun tartibi juda tig‘iz bo‘lsa ham uning doirasida turli musobaqalar, gulxan atrofida gurunglar tashkil etilmoqda, – deydi Bekobod tumani Paxtakor mahallasi  yoshlar yetakchisi Ismoil Boboyev. – Ayniqsa, boshqa viloyatlardagi hamkasblarimiz bilan birga yoshlarning tashabbuslarini mahallalarda qo‘llab-quvvatlash, ilm olish, mamlakatimizda islohotlarga daxldor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha  fikr almashyapmiz. Bu biz uchun katta tajriba maydonidir. 

[gallery-17411] 

O‘quv-seminarning navbatdagi mavsumida Andijon, Namangan hamda Farg‘ona viloyatlaridagi mahallalarning yoshlar yetakchilari ishtirok etadi. Seminar yakunida sektor koordinatorlaridan tashkil topgan va ushbu yoshlar yetakchilaridan zaxira kadrlarni shakllantirish ham reja qilingan.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri