English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar yetakchilari mahoratini oshirdi
16:21 / 2023-10-08

Bo‘stonliq tumanidagi "Yoshlar oromgohi"da Toshkent viloyatidagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan eng faol yoshlar yetakchilari ishtirokida uch kunlik amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar doirasida turli konsert dasturlari, o‘quv mashg‘ulotlari, sport  musobaqalari o‘tkazildi.  

Dastlab oromgohning faollar zalida mahalla yoshlar yetakchilari va tegishli mas’ullar ishtirokida "Yoshlar murojaatlari bilan ishlash", "Besh  tashabbus loyihalari", " Yoshlar  daftari tizimining maqsadi", "Og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash", "Bandlik dasturi bilan ishlash" kabi qator mavzularda  o‘quv- seminarlar bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar tomonidan joriy yil boshidan buyon yoshlar masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi. Joylarda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Mini futbol, stol tennisi va voleybol musobaqalari hamda  "Zakovat" intellektual o‘yini ham uyushtirildi.

— Muloqotlarimiz doirasida yoshlarning tashabbuslarini mahallalarda qo‘llab-quvvatlash, ilm olish, mamlakatimizda  islohotlarga daxldor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yoshlar yetakchilarining takliflarini shakllantirish yuzasidan ham fikr almashildi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov.

Bo‘lib o‘tgan turli musobaqalar yoshlar yetakchilarining iqtidor va ijodiy salohiyatini namoyon etishi uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

A.Musayev,O‘zA muxbiri.