French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar “Yashil kelajak sari” ekoforumda faol ishtirok etdi
11:08 / 2025-10-25

FOTOREPORTAJ

Jizzax viloyatida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida “Yashil kelajak sari” shiori ostida Yoshlar ekoforumi tashkil etildi.

Tadbir Jizzax politexnika instituti hududida “5000 qadam yurish” aksiyasi bilan boshlandi. Unda 250 nafardan ortiq o‘g‘i-qiz ishtirok etdi. Shundan so‘ng “Iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanishda ilm-fan yutuqlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi tadqiqotlar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda xalqaro tajribalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.

Forum doirasida iqtidorli yoshlar tomonidan ekologiya yo‘nalishidagi loyihalar taqdim etildi. Partiya mas’ullari ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash va mutaxassislar yordamini yo‘lga qo‘yish orqali loyihalarni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari borligini qayd etdilar.

[gallery-25921]

Tadbirning amaliy qismi sifatida Sharof Rashidov tumani Toqchilik mahallasida plogging aksiyasi va 61-maktab hududida ko‘chat ekish tadbiri tashkil qilindi. Unda ekofaol yoshlar va o‘quvchilar ishtirok etib, 500 dan ortiq manzarali ko‘chatlar ekildi.

Ko‘chat ekish jarayonida O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev ishtirokchilarga ko‘chatlarni to‘g‘ri parvarish qilish va ularni yetishtirishdagi agrotexnik talablar haqida amaliy ko‘rsatmalar berdi. Ekilgan har bir ko‘chat uchun mas’ul yoshlar biriktirilib, ularning kelgusidagi parvarishi nazoratga olindi.

- Bugungi forum doirasida jizzaxlik yoshlar bir maqsad yo‘lida birlashdi, - deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Arnasoy tuman Kengashi raisi Ulug‘bek Qo‘chqorov. - Ko‘chat ekish tadbirini maktab hududida o‘tkazishimiz bejizgamas. Yoshlarda tabiatga bo‘lgan ehtirom, ekologik madaniyat va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirish asosiy maqsadimiz edi. Bu kabi tadbirlar partiyamiz tomonidan hududlarda doimiy ravishda tashkil etilib, aholi orasida ekologik madaniyatni shakllantirishda yaxshi natija berib kelmoqda.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA