Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi
15:09 / 2026-02-28

Munosabat

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Navqiron avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil qilindi. Yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “besh muhim tashabbus” loyihasi doirasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, 30-iyun sanasi mamlakatimizda alohida Yoshlar kun sifatida belgilandi. “Harakatlar strategiyasi”, “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi”, “O‘zbekiston – 2030” strategiyalari hamda 2026-yilgi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” Davlat dasturi doirasida ham yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qartilgan maqsad va vazifalar belgilanib hayotga izchillik bilan tatbiq etib kelinmoqda.

Shuningdek, mazkur haftada bo‘lib o‘tgan Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimizda yoshlar siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini yana bir bor namoyon etdi. Muloqotda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchdir. Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, uning raqobatbardosh iqtisodiyoti va ochiq jamiyati aynan ana shu yosh avlodning bilim-salohiyati, tashabbuskorligi va faolligi bilan bevosita bog‘liq.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz xalqaro maydonlarda munosib natijalarni qayd etmoqda. Jahon fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medali bu ta’lim sohasidagi islohotlarning amaliy samarasidir.

Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarimiz soni 500 nafardan oshgani, TOP-100 talik oliygohlarda o‘qiyotganlar 3,5 ming nafarga yetgani mamlakatimiz ta’lim tizimi jahon maydoniga dadil kirib borayotganidan dalolatdir.

Uchrashuvda mutlaqo yangi yondashuv sifatida har haftaning payshanba kuni vazirlik va hokimliklarda “Yoshlar kuni” etib belgilanishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Endi shu kuni rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarning muammolarini tinglaydi va ularni joyida hal etadi.

Hokimlar yoshlarga xos savdo-servis loyihalarini amalga oshirishi, startapchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi, grant va mablag‘lar ajratishi belgilandi. Eng yaxshi fermer, startapchi, ijodkor va boshqa sohalarda faol yoshlar uchun tanlov va yarmarkalar tashkil etiladi. Bu yoshlarni faollik, tashabbuskorlik va raqobatbardoshlikka undaydi.

Qolaversa, har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgan sharoitda ularni ish bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan. Shu bois yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi.

Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yilgacha 15 foizli kreditlar berilishi, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz kreditlar ajratilishi, yirik loyihalar uchun 10 milliard so‘mgacha mablag‘ taqdim etilishi yosh biznes egalari uchun ulkan imkoniyatdir. Shu bilan birga, har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishi esa yoshlarni g‘oyadan tayyor biznesgacha bo‘lgan jarayonda kompleks qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi. 

Yurtimizdagi barcha oilaga kirib borgan muhim tashabbus bu – yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining bir qismini davlat tomonidan qoplab berilishi bo‘ldi. Sababi, ushbu tashabbus ularning uy-joy sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirish, eng yaxshi asarlarni ta’lim muassasalariga yetkazish, ijodkorlarni rag‘batlantirish choralari yoshlar ma’naviyatini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlardir. “Ikkinchi imkon” loyihasi orqali jazoni o‘tab chiqqan yoshlarni kasbga o‘qitish va jamiyatga qayta integratsiya qilish esa insonparvar siyosatning yorqin namunasidir.

Muxtasar aytganda, ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular komil inson sifatida voyaga yetishi uchun zamin yaratadi. Yoshlarga berilayotgan bu kabi e’tibor, oxir-oqibat, o‘z mevasini bermasdan qolmaydi albatta. 

Muharram DADAXO‘JAEVA,

“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi,

Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri.

O‘zA