2025 yil 26 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga taqdim etilgan Murojaatnoma millionlab yoshlar qatori menda ham chuqur o‘y-xayol, katta mas’uliyat va yuksak ishonch uyg‘otdi. Bu murojaat nafaqat davlatimizning bugungi yutuqlari sarhisobi, balki biz – yoshlar oldiga qo‘yilgan ulkan vazifalar va ishonch ramzi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida inson, ayniqsa, yosh avlod manfaatlari turibdi. Ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalarida yaratilayotgan shart-sharoitlar O‘zbekiston taraqqiyotida muhim o‘rin tutmoqda. Prezident tashabbuslarida yoshlar salohiyatiga bo‘lgan ishonch va e’tibor ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Murojaatnomada ko‘plab sohalar bilan bir qatorda ta’lim tizimini tubdan yangilash, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy kasblar hamda texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ilmiy izlanishlar uchun keng imkoniyatlar yaratish rejalari belgilandi. Bu imkoniyatlar yoshlar uchun nafaqat huquq, balki ulkan mas’uliyat hamdir. Chunki bugun yaratilayotgan sharoitlar ertangi kun natijasini talab qiladi.
Prezidentimiz yoshlarni faqat bilim oluvchi emas, balki iqtisodiyotning faol ishtirokchisi, tadbirkor, innovator va yetakchi kuch sifatida ko‘rmoqda. Yoshlar tadbirkorligi uchun ajratilayotgan mablag‘lar, imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bizni mustaqil fikrlashga, tashabbus ko‘rsatishga hamda Vatan ravnaqi yo‘lida mardona mehnat qilishga chorlaydi. Bu ishonchni oqlash har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Men yosh avlod vakili sifatida shuni qat’iy ayta olamanki, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan ishonch va yaratilayotgan imkoniyatlar bizni yanada ko‘proq izlanishga, chuqur bilim olishga, zamonaviy kasblarni egallashga undamoqda. Bugun ilm olish – bu shaxsiy yutuq emas, balki mamlakat taraqqiyotiga qo‘shilayotgan hissadir. Har bir o‘rganilgan bilim, egallangan kasb Yangi O‘zbekistonning poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mahalla institutining rivojlantirilishi, tarbiya va ijtimoiy birdamlikka berilayotgan e’tibor esa bizni faqat malakali mutaxassis emas, balki vatanparvar, mas’uliyatli va jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmagan insonlar bo‘lib voyaga yetishimizga zamin yaratmoqda. Chunki kuchli jamiyat kuchli mahalladan, kuchli mahalla esa ongli va bilimli yoshlardan boshlanadi.
Bugun O‘zbekiston oldiga qo‘yilgan ulkan maqsadlar – iqtisodiy o‘sish, texnologik taraqqiyot, ekologik muvozanat, adolatli jamiyat qurish barchasi yoshlarning bevosita ishtirokini talab qiladi. Men va mening tengdoshlarim ushbu vazifalarni chuqur anglagan holda o‘z bilimimiz, mehnatimiz va tashabbuslarimiz bilan mamlakatimizning eng muhim drayverlarini rivojlantirishga xizmat qilishga tayyormiz.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish hal qiluvchi bosqichga kirdi. Bu yo‘lda yoshlar bilim va mehnat, vatanparvarlik ruhi bilan faol ishtirok etmoqda. Bugun yaratilayotgan imkoniyatlar ertaga tarix oldidagi mas’uliyatimizdir.
Yangi O‘zbekiston yoshlaridan biri sifatida Prezidentimiz tomonidan bildirilayotgan ishonch va yaratilayotgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildiraman. Ushbu ishonchni oqlash, bilim olish va Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilish mening hayotiy maqsadimdir.
Mirdodojon Babayev,
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti yosh olimi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi.
O‘zA