English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdi
15:29 / 2025-09-29

Joriy yilda “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilarining 143 nafaridan 141 nafari, ya’ni 98,6 foizi oliy harbiy va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, Milliy gvardiya harbiy musiqa akademik-litseyi bitiruvchilaridan 37 nafardan 32 nafari ya’ni 86,5 foizi oliy ta’lim yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Bu ko‘rsatkichlar Prezidentimiz tomonidan harbiylarga berilayotgan imkoniyatlar va Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan joriy etilgan yangi o‘qitish tizimining samarasidir. Ushbu natijalar Amir Temur xiyobonida yoshlar uchun unutilmas kunga aylangan tantanali marosimda alohida e’tirof etildi.  

Vatanga sadoqat va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi yuksak maqsadlarga intilish ramzi sifatida tashkil etilgan mazkur tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Jo‘rayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati X.Haitov, Respublika Harbiy prokurorining birinchi o‘rinbosari Q.Isroilov, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari D.Rahimova va boshqa mutasaddilar, faxriylar, ota-onalar ishtirok etdi.

Yoshlarimiz ota-onalari va yaqinlari guvohligida qilgan tantanali va’dalari yuksak faxr va g‘urur ramzi ekanligini his qilib, ushbu ta’lim muassasalarida harbiy libos kiygan holda o‘qishni davom ettirib, oliy maqsadlari sari qadam qo‘ydi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar, yigit-qizlarni tantanali va’dasi bilan qutladi.  

Ota-onalar nomidan so‘z olganlar davlatimiz tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajak maqsadi va istiqboli yo‘lida yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlarni e’tirof etdi.  

Marosimning badiiy qismida Milliy gvardiya harbiy musiqa akademik-litseyi o‘quvchilarining “Zarbli cholg‘ular ansambli”ning chiqishi va “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilarining qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

N.Rahmonova, O‘zA