FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida qizg‘in davom etmoqda.
Saylovlar mamlakat taraqqiyoti va ravnaqida muhim o‘rin tutadigan siyosiy jarayon. Unda fuqarolarning faolligi, xalqimizning birdamligi yana bir bor namoyon bo‘ladi. Bugun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan saylov jarayonlarida barcha saylovchilar qatorida andijonlik yoshlarning ham faolligini kuzatish mumkin.
[gallery-20054]
Viloyatda mavjud jami 2 million 34 ming 69 nafar saylovchining 619 ming 252 nafarini yoshlar, 32 ming 423 nafarini esa saylovda birinchi marotaba ishtirok etayotgan yigit-qizlar tashkil etadi. Hududlardagi saylov uchastkalarida yoshlarning gavjumligi har bir yosh o‘z huquqlaridan unumli foydalanishga intilayotgani, vatan taqdiri va yurt kelajagiga befarq emasligini ko‘rsatmoqda.
- Bu galgi saylov jarayonlarini andijonlik yoshlar katta qiziqish va bayramona kayfiyat bilan qarshi oldi, - deydi Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi matbuot kotibi Nazira Ubaydullayeva. - Har bir yosh mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarda faollik ko‘rsatib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodlarni saylamoqda. Shu o‘rinda, xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarimiz ham o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanib, ovoz berayotganini ta’kidlash lozim. Bu yoshlarimizning siyosiy qarashlari rivojlanib borayotgani, ularda ertangi kun va mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissi ortib borayotganidan dalolatdir.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA