English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash – eng muhim vazifa
10:50 / 2021-09-20

Mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy himoyasini ta’minlash va tadbirkorlikni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar bandligini ta’minlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.  

Navoiy shahar 2-sektor hududida 7 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 284 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Joriy yilning birinchi yarim yilligida “Ayollar daftariga” kiritilgan 159 nafar ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qish hamda kredit olish istagida bo‘lgan xotin-qizlar kasbga o‘qitildi va ularga tegishli tartibda kreditlar ajratildi. 4 nafar xotin-qizlarga reabilitatsiya moslamalari, 2 nafariga tegishli muammolari bo‘yicha huquqiy maslahat, psixologik maslahatga muhtoj 4 nafar xotin-qizlar bilan manzilli ishlar olib borilib, psixologik ko‘mak berildi.

27 nafar tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lgan ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklari bo‘yicha statsionar va ambulator sharoitida davolanish ishlari tashkil etildi.

Shuningdek, “Ayolar daftari”ga kiritilgan 48 nafar boquvchisini yo‘qotgan, 29 nafar 1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan, 3 nafar noturar joyda yashovchi va 4 nafar uy-joyni ta’mirlashga muhtoj ayollarga bir martalik moddiy yordam pullari berildi. Bundan tashqari, 4 nafar uy-joyni ta’mirlashga muhtoj xotin-qizlarni uylari to‘liq ta’mirlandi.

Shuningdek, sektor hududida “Ayollar daftari”ning 2-bosqichi shakllantirilgan bo‘lib, bu jarayonda 583 nafar xotin-qiz ro‘yxatga olindi.

– Birinchi navbatda hududimizda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘ygan holda yangi ish o‘rinlari ochishga asosiy e’tiborni qaratdik, – deydi shahar prokurori, 2-sektor rahbari Xudoyberdi Norqobilov. – Chunki doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan fuqarogina ertangi kuniga ishonch bilan qarashi mumkin. Shu maqsadda 2021 yilning mart oyida “Gulzor” MFYda “Dil - yog‘dusi - Navoiy” ishlab chiqarish kooperativi tikuvchilik sexi tashkil etilib, shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 60 million so‘m miqdorida subsidiya hamda “Mikrokreditbank” shahar Amaliyot bo‘limi tomonidan 98 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Natijada 24 ta ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, “Vatan” MFYda “Xayriniso Gul Tekstil” ishlab chiqarish kooperativi tikuvchilik sexi tashkil etilib, 20 ta ish o‘rni yaratildi. Mazkur korxonaga esa 49 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi.

2021 yil yanvar oyida “Yulduz - Bek - Nur” ishlab chiqarish kooperativida tikuvchilikni rivojlantirish uchun 44,6 million so‘m miqdorida subsidiya, 29,9 million so‘m kredit ajratildi. Natijada 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi hamda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan fuqarolar ishga joylashtirildi.  

– Men 2-sektor hududidagi “Mustaqillik” mahallasida istiqomat qilaman, – deydi Mavjuda Jumayeva. – Uch nafar farzandim bor. Biri maktabda, ikkitasi texnikum va institutda tahsil oladi. Oilaviy sharoitimiz og‘irligi bois “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan edim. Mazkur tikuvchilik sexi faoliyat boshlaganidan keyin prokuror meni mazkur korxonada ishlashga taklif etdi. Hozir tikuvchi bo‘lib ishlayapman. 1 milliondan 1,5 million so‘mgacha ish haqi olmoqdamiz. Asosan turli tashkilotlarga maxsus qiyimlar tikamiz. Barcha sharoitlar yaratib berilgan. Ishimdan mamnunman.

Shuningdek, “Kimyogar” MFYda “Navoiy – Oq Oltin” ishlab chiqarish kooperativi poyabzal ishlab chiqarish sexi tashkil etilib, shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 130 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi hamda 53 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

[gallery-3955]

– O‘zim sirdaryolikman, – deydi sex boshlig‘i Yorbek Mavlonov. – tadbirkorlik faoliyatimni poyabzal tikish yo‘nalishida olib boraman. Navoiyda korxonamiz faoliyatini boshlaganiga endigina 15 kun bo‘ldi. Hozirda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga poyabzal tikish hunarini o‘rgatayapman. Asosan turli o‘lchamdagi erkaklar oyoq kiyimlarini tikmoqdamiz. Kelgusida ayollar oyoq kiyimlari va sport anjomlari tikish yo‘nalishlarini ham yo‘lga qo‘yish rejamizda bor.  

Sektor rahbari tashabbusi bilan 223 nafar fuqaroga qariyib, 5 milliard so‘mga yaqin bank kreditlari ajratilgan bo‘lib, ularning 155 nafari “Yoshlar daftari”, 68 nafari esa “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan. Shuningdek, “Saxovat” MCHJga qarashli 10-kichik tuman dehqon bozori hududidagi 9 ta bo‘sh turgan savdo do‘konlari tadbirkorlarga imtiyozli tarzda olib berilishi ta’minlanib, ularning 4 nafariga bank krediti ajratilishida ko‘maklashildi.

Sektorda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 13700 nafarni tashkil etadi. Dastlabki xatlov natijasiga ko‘ra, sektor bo‘yicha 1029 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.  

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari” platformasi bo‘yicha yoshlar 3292 tani tashkil etib, shundan 623 tasi daftarga kiritilgan. Ayni paytda ularning 619 tasi daftardan chiqarilgan.  

O‘tgan davr mobaynida yoshlar bilan 59 ta uchrashuv o‘tkazildi, 102 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi, 75 nafariga 1231,1 millon so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi. Sektor hududida “Yoshlar bandligini ta’minlash kunlari” tadbiri o‘tkazilib, yoshlarni doimiy ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turardim, – deydi “Mustaqillik” MFYda yashovchi Umid Xolov. – Prokuror yordami bilan “AVTO CITY 111” nomli jamiyat ochdim va faoliyatimni yo‘lga qo‘yib olishim uchun bankdan 225 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Hozirda 10 nafar yoshni ish bilan ta’minladim.  

Sektor rahbari tomonidan 72 nafar nogiron yoshlar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, oilaviy ahvoli nochorligi sababli uzoq vaqtdan buyon davolanishga imkoniyati bo‘lmagan 1- va 2-guruh nogironi bo‘lgan yoshlarning sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha shahardagi sanoat korxonalari bilan hamkorlikda  bepul sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, uyida ta’lim olayotgan 34 nafar o‘quvchilarning holidan doimiy xabar olinib, zaruriy o‘quv qurollari yetkazib berilmoqda;

Sektor hududidagi, “Kimyogar”, “Ishonch”, “Mustaqillik” va “Turon” MFY binolari joriy ta’mirdan chiqarildi. “Hududgaz” Navoiy shahar filiali tomonidan 4 ta gaz taqsimlash qurulmasi, 340 metr tabiiy gaz quvurlari ta’mirlandi, 1845 metr gaz quvurlari ranglandi.  

Shuningdek, Navoyi shahar ETK tomonidan hududdagi 28 ta elektr tarmoqlari nuqtalari eshiklari va devorlari bo‘yalib, to‘liq ta’mirdan chiqarildi.

– “Bog‘ishamol” dala hovlilar jamiyati hududida obodonlashtirish ishlari jarayonida 1 kilometr yo‘l tekislanib, shag‘al tosh tashlandi, 3 kilometr gaz quvurlari bo‘yalib ta’mirlandi, – deydi sektor shtabi kotibi Aminjon Avazov. – Shuningdek, Navoiy shahar “Obodonlashtirish” boshqarmasi tomonidan hududdagi daraxtlarga shakl berilib, ko‘kalamzorlashtirish va tozalik ishlari olib borilmoqda. Ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklariga, ichki yo‘llar yoqasiga jami 43 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. “Vatan”, “Ishonch”, “Gulzor” MFYlar hududidagi ichki yo‘llarga asfalt yotqizilib, ta’mirlandi hamda 500 metr oqova suv quvurlari tortildi.

“Berejlivost” XK tomonidan hududdagi mahallalarning 16 ta ko‘p qavatli uylar oldidagi chiqindi tashlash konteynerlari ta’mirlanib, 10 tasi yangisiga almashtirildi.  

Hududdagi UJMSHlar tomonidan mahallarga qarashli ko‘p qavatli uylar oldidagi 28 ta bolalar maydonchalari va ko‘p qavatli uylar tom qismlari qayta ta’mirlandi, temir panjaralar o‘rnatildi, nosoz arg‘imchoqlar ta’mirlanib bo‘yaldi, yangi sport maydonchalari tashkil etildi. “Kimyogar” MFY hududida Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi hisobidan subsidiya ajratish orqali  ko‘plab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash, ayollarning muammolarini hal etishda o‘zining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan “Eng yaxshi sektor rahbari” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida Navoiy shahar 2-sektor rahbari Xudoyberdi Norqobilov faxrli 2-o‘ringa loyiq ko‘rilgan edi.

Abduvali Bo‘riyev,  

Siroj Aslonov (surat), O‘zA