Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar va xotin-qizlar bandligi — ustuvor vazifa
17:33 / 2026-01-27

Bugungi kunda yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ular uchun barqaror daromad manbalarini yaratish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan. Bu borada qabul qilinayotgan qarorlar, amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar aholining ijtimoiy faolligini oshirish, turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Ana shu maqsadda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi huzuridagi Ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamkorligida Guliston shahrida joylashgan “Real school” o‘quv markazida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyati keng muhokama qilindi.

Tadbirda “Real school” o‘quv markazi direktori Ko‘paysin Rahmatov, Guliston shahar 7-umumta’lim maktabi direktori Nargiza Zafarova, oliy toifali tarix fani o‘qituvchisi Baxtiyor Yuldashev, partiya viloyat Kengashi Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayev hamda Tibbiyot texnikumida tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi. Muloqot davomida ta’lim va kasb-hunar o‘rgatish orqali yoshlar va xotin-qizlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

–  Ta’kidlanganidek, Prezident Murojaatnomasida yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda ijtimoiy barqarorlikning muhim omillaridan biri sifatida qayd etilgan,  –  deydi Nargiza Zafarova.  –   Unda belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi ishsizlik darajasini kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Uchrashuv davra suhbati shaklida o‘tib, ishtirokchilar tomonidan yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kasbiy ta’limni ish beruvchilar ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, xususiy sektor va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish borasida qator fikr va takliflar bildirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri