Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar va vaqt qadri
17:05 / 2024-01-15

O‘zbekistonda 2024 yilni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yili deb e’lon qildi. Bu borada davlat dasturlari qabul qilinib, amalga oshirish chora-tadbirlari belgilanadi.

Mamlakatimiz rahbari yoshlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida juda katta tajribaga ega. Bu faqat mening fikrim emas. Xalqaro ekspertlarning ham xulosasi.

Yaqin tariximizdan bir misolni keltirishni o‘rinli deb bilaman. Respublikamizda birinchi “Yoshlar markazi” Jizzaxda, ikkinchisi “ Samarqandda bundan 20 yil oldin Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan edi. 

Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi qisqa vaqt ichida mislsiz oshirildi. Ta’lim, shu jumladan oliy ta’lim ham aholiga yaqinlashtirildi. Birgina buni SamDU ning Urgut va Kattaqo‘rg‘on filiallari misolida ham ko‘ramiz. Meni bu fikrlarni yozishdan maqsadim boshqa. Yoshlar ham bu g‘amxo‘rliklarga javoban jamiyat va davlat oldidagi mas’uliyati, burchi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak emasmi? Biz ota-onalar bolalarimizga qanday tarbiya beryapmiz? Farzandlarimizni Vatanga muhabbat ruhida ulg‘aytiryapmizmi? Vatan oldidagi burchi va mas’uliyatini anglatyapmizmi?   Bolalarimiz ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratyapmizmi? Muallimni hurmat qilish kerakligini uqtiryapmizmi? Bolaning odob-axloqi aslida oilaga, ota-onaga bog‘liqligini tushunib yetyapmizmi? Men mana shular haqida fikr yuritmoqchiman.

Bugun jamiyatimizda noto‘g‘ri bir qarash, tushuncha paydo bo‘lganki, bu illatdan tezroq qutilmasak, voz kechmasak, o‘nglanishimiz qiyin. Eng achinarlisi, bu noto‘g‘ri qarash tobora hayot tarzimizga aylanib bormoqda.

Ota-onalar farzandi ta’lim-tarbiyasi mas’uliyatini o‘zidan soqit qilib, ta’lim muassasalari zimmasiga yuklamoqda. To‘g‘ri, ta’lim dargohlari bola o‘qib, ulg‘ayishida muhim o‘rin tutadi. Bu haqiqatni inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin, ta’lim-tarbiya jarayonida ota-ona va oilani o‘rni juda muhim ekanligini  ham umutishga haqqimiz yo‘q.

Men butun hayoti ta’lim-tarbiya dargohlarida kechayotgan inson sifatida shuni yaxshi bilamanki, avvalo, ta’lim-tarbiya negizida ota-ona turadi. Bolasini maktabga yoki universitetga o‘qishga yuborib, nazorat qilmasdan undan yaxshi natija kutgan ota-ona adashadi. Aslida ota-ona ta’lim-tarbiya jarayonlarida faol ishtirok etishi, muallim bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, bolani ta’lim dargohida olgan bilimini uyda mustahkamlashini, takrorlashini doimiy talab qilishi zarur. 

Lekin, bugun butunlay boshqa manzara ko‘zga tashlanadi. Ota-ona ta’lim dargohidan nafaqat bilim berishni, balki bolasiga o‘zi berolmagan tarbiyani berishni ham talab qilmoqda. Aslida bu jamiyatimizda ildiz otgan yomon bir illatdir. Biz yillar davomida tarbiyasi og‘ir bolalar uchun maktabni, muallimni, oliy ta’lim dargohini, professor-o‘qituvchini ayblab keldik. Mantiqan olib qaraganda, tarbiya dastlab oilada ota-ona tomonidan berilishi kerak va ta’lim dargohida sayqallanishi zarur. 

Biz ta’lim tarbiyada ota-ona va oila zimmasiga asosiy mas’uliyatini yuklamas ekanmiz, kutilgan natijaga erisha olmaymiz.

Vaqt nuqtai nazaridan olib qarasak ham, bolani ta’lim dargohida bo‘ladigan soatlari chegaralangan. Uning asosiy vaqti oilada o‘tadi. Ko‘p suhbatlarda, muloqotlarda guvoh bo‘lamizki, ota-onalar bolalariga “Maktabda o‘rgatmaganmi?” “O‘qituvching aytmaganmi?” degan savollarni beradi. Aslida bu savollarni o‘qituvchi bersa mantiqan to‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki, bola ilk tarbiyani, ilk ta’limni, darajasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar ota-onadan oladi. Xalqimiz bilib aytgan: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, “Nima eksang, shuni o‘rasan”, “Olmaning tagiga olma tushadi”... Demak, ta’lim-tarbiya faqat davlatni, ta’lim muassasasini vazifasi degan ota-ona adashadi.

Yoshlar yili munosabati bilan talabaning vaqti haqida ham ba’zi bir fikrlarni o‘rtaga tashlamoqchiman. 

Kuzatishlarimdan ma’lumki, talaba darsdan bo‘sh vaqtini asosan behuda o‘tkazadi. Bir kun yigirma to‘rt soat ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, uni juda kichik qismida oliy o‘quv yurtida bo‘ladi. Qolgan vaqti esa asosan o‘zining qo‘lida. To‘g‘ri, bir qarasang bu hammaning shaxsiy ishiday bo‘lib ko‘rinadi. Ikkinchi tomondan qarasang, yoshlikni beqiyos kuchi, ilhomi, shijoati, g‘ayrati, behuda sarflanayotganiga achinasan. 

Yoshlarimiz vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olmas ekan, vaqtdan unumli foydalanishni o‘rganmas ekan, bu illat biz uchun eng katta dushman bo‘lib qolaveradi. 

Talabalarimiz orasida shundaylari borki, nafaqat yaxshi o‘qiydi, balki darsdan tashqari ham o‘z ustida ishlaydi. Kutubxonaga boradi, laboratoriyaga kiradi. O‘qituvchisidan tushunmagan darslarni so‘rab oladi. Chet tilini o‘rganadi, bundan ham vaqt orttirsa ma’lum bir soat ishlaydi.  U to‘rt yil davomida o‘zi uchun kelajak zaxirasini yaratadi. Nafaqat o‘qiydi, balki hayotga yashashga tayyorgarlik ham ko‘radi. Moliyaviy mustaqillikka erishadi. Kimnidir ko‘magiga ko‘z tikmaydi. O‘zini to‘laqonli hayotga tayyorlaydi. To‘rt yildan so‘ng uning qo‘lida nafaqat bakalavriat diplomi, balki chet tilini bilish sertifikati, ma’lum bir ish bo‘yicha tajriba, ozmi-ko‘pmi sarmoyasi mavjud bo‘ladi.

Faqat bugina emas, mana shu davr oralig‘ida u o‘zini-o‘zi tarbiyalaydi. Hayotga tayyorlaydi. Birovlarga garchi u o‘zining oila a’zolari bo‘lsa ham yuk bo‘lishdan, boqimandalik kayfiyatidan qutuladi. Til bilganligi uchun, oliy ta’limning magistratura bosqichini bemalol xorijda davom ettiradi. Grant tanlovlarida ishtirok etadi. Qarabsizki, avvalo, o‘zi uchun, oilasi uchun, jamiyat uchun kerakli kadrga aylanadi.

Samarqand davlat universiteti talabalari orasida ham aytadigan bo‘lsak, ular orasida mashhur sportchilar Jahon va Osiyo, paralimpiya chempionlari, Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqolalari chop etilganlar, o‘z biznesini ochib, o‘nlab tengdoshlarini ish bilan ta’minlaganlar, badiiy kitoblari nashr etilganlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, Nihol mukofoti laureatlari, Prezident va Davlat stipendiantlari, xorijning nufuzli oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlarning borligi menga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Ming afsuski, bugun biz buning teskarisiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Talaba hatto o‘sha dars uchun ajratilgan vaqtdan ham unumli foydalanmaydi. Vazifalarni o‘z vaqtida bajarmaydi. Ta’lim dargohi tomonidan qo‘yilgan talablarga mensimay qaraydi. Imtihonlardan turli qing‘ir yo‘llar bilan o‘tishga harakat qiladi. Domlani ayblaydi, xatosini izlaydi. Eng a’lamlisi, bu borada ba’zi bir ota-onalar bolalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Buning natijasida to‘rt yilni bir balo qilib o‘tkazib, bakalavr diplomini olganlardan nima kutish mumkin. Birinchidan, ular o‘z diplomlariga ko‘ra ishga joylasha olmaydi. Yaxshi o‘qimaganligi uchun diplomda ko‘rsatilgan soha bo‘yicha tegishli bilimga ega bo‘lmaydi. Chet tilini bilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ishlash uchun tajriba ham yo‘q. Bunday kimsalar doimiy norozilik, noshukrlik kayfiyatida yurishadi.

Ular o‘zlarini bunday ahvolga tushib qolgani uchun, o‘zgalarni aybdor hisoblaydi. Demak, biz mana shunday qatlamni paydo bo‘lmasligi uchun nafaqat harakat qilishimiz, balki kurashishimiz kerak.

Yoshlarning bo‘sh vaqti bo‘lmasligi kerak. Umrning aynan mana shu davrida kelajakka poydevor qo‘yilishini ularga tushuntirishimiz zarur. To‘g‘ri ma’noda yoshlarimizni foydasi uchun ota-ona va muallim qattiqqo‘lligiga ham zarurat bor deb o‘ylayman. Bu muammo faqat shuning o‘zi bilan tugamasligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu masalaga yanada jiddiyroq bosh qotirishga to‘g‘ri keladi. Amal-taqal qilib, diplom olib, na o‘qishni, na bir kasb-korni boshini tutmagan yoshlarni ota-onalari tezroq uylantirib qo‘yishga, turmushga chiqarishga harakat qilishadi. Xuddi shu bilan muammoga yechim topilib qoladiganday. Aksincha xavf yanada ortadi, kengayadi. Bunday yoshlar qanday qilib oila quradi? Qanday qilib ro‘zg‘or tebratadi? Bo‘lg‘usi farzandlariga qanday o‘rnak bo‘ladi? Yoki ularni ta’minotichi? Bu chuqur o‘ylab ko‘radigan global muammo emasmi?

Ba’zan sayyor qabullarda ishtirok etishga to‘g‘ri keladi. Senator sifatida odamlarning arz-dodiga quloq tutamiz. Asosan bir talab, davlat berishi kerak degan qarash ularning ongiga muhrlanib qolgan. To‘g‘ri, davlat bemorga, nogironga, taqdir taqozosi bilan og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan odamlarga birinchi navbatda yordam ko‘rsatadi. Lekin, ming afsuski to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, faqat boqimandalikka, faqat talab qilishga o‘rganib qolganlarni borligi ayanchli, albatta. Ba’zi bir erkaklarimiz ishlash, pul topish o‘rniga ayolini turli qabullarga, rahbarlar oldiga yuborib, biron narsa so‘rashga undayotganligi ham bor gap.

Hayot faqat shirindan iborat emas. Uning achchig‘i ham, o‘ziga yarasha og‘iri ham bor. Aslida mana shunday holatlarga duch kelib, unga bardosh berolmayotgan yoshlar emas, birinchi navbatda ularning shunday ahvolga tushushiga sababchi bo‘lgan ota-onasi aybdor ekanligini tan olishimiz kerak.

Mening nazarimda, birinchi navbatda farzandlarimizga bolaligidan vaqt qadriga yetishni o‘rgatishimiz kerak. Ularga voyaga yetgandan so‘ng, oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan davri hayotning eng mas’uliyatli pallasi ekanligini anglatishimiz zarur. Aynan mana shu davrda har bir yoshning hayot strategiyasi shakllanishi, rivojlanishi, kamolga yetishi juda muhim. Biz yoshlarimizga diplom emas, bilim, ong-tafakkur birlamchi ekanligini tushuntira olishimiz zarur.

Mening nazarimda, davlat, Prezident yoshlar oldidagi mus’uliyatini chuqur anglagan bir davrda yashayapti. Lekin, o‘z navbatida yoshlar ham o‘z burchini bilishi va amal qilishi muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Jahon ilm-fani tarixiga qarasangiz, unda muhim kashfiyotlarni yaratgan olimlar birinchi navbatda vaqtni qadrlaganiga guvoh bo‘lamiz.

Samarqand davlat universitetining yaqin hamkori, mening do‘stim Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar SamDU ga tashrifi doirasida talabalar bilan uchrashib, aytgan edi: “Ilm-fanda natijaga erishish uchun faqat oldinga qarab qadam tashlash kerak. Katta marralarni ko‘zlash zarur. Men Amerikaga borganimda ijarada turish uchun pulim bo‘lmaganligi sababli o‘zim ish boshlagan laboratoriyada yashaganman. Mutassadilar menga bu yerda qolish mumkin emasligini bir necha marta eslatishgan. Bir kunda eng kamida 18 soat ilm bilan shug‘ullanganman. Men bilan birga ishlaydigan hamkasblarim meni bu yo‘ldan qaytarishga urinishgan. Baribir hech qanday natija chiqara olmaysan deyishardi. Lekin men ularga e’tibor bermasdan bor kuchim bilan ishlardim. To‘g‘ri, umrimni juda katta qismi ilm mashaqqati yo‘lida o‘tdi. Bundan mutlaqo afsuslanmayman”.

Mening nazarimda, yoshlik va vaqt qadri haqida hech kim G‘ofur G‘ulomdan orttirib, bir gap aytolmaydi deb o‘ylayman:

Aziz asrimizning aziz onlari,

Aziz odamlardan so‘raydi qadrin.

Fursat g‘animatdir, shoh satrlar-la

Bezamoq chog‘idir umr daftarin.

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlisi Senati a’zosi.