Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar va kitobxonlik masalalari muhokama qilindi
18:54 / 2026-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat Hunarmandlar markazida yoshlar, soha mutaxassislari hamda rahbarlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuvda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro ta’lim va rivojlanish dasturlari xususida atroflicha fikr almashildi. Yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar e’tibor bilan tinglandi.

Tashrif davomida senator Alisher Sa’dullayev Guliston davlat universiteti Axborot resurs markazida ham bo‘lib, zamonaviy talablar asosida jihozlangan yangi kutubxona faoliyati bilan tanishdi. U yerda kitob mutolaasi bilan mashg‘ul yoshlar bilan muloqot qilib, universitetda amalga oshirilayotgan “Mutolaa maydoni” loyihasiga alohida e’tibor qaratdi. Loyiha senatorda ijobiy taassurot qoldirib, uning qamrovini kengaytirish hamda ishtirokchi yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Uchrashuv davomida Alisher Sa’dullayev tashabbusi bilan Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi tarkibida Kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Mazkur lavozimga Guliston davlat universiteti Yoshlar yetakchisi, “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi, “Prezident sovg‘asi” sohibi Yorqinjon Xayitboyev  tavsiya etildi. Senator unga murojaat qilib, “Sizga yuklatilgan eng muhim vazifa — Sirdaryo viloyatida kitobxonlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish” deya alohida ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “1000 kitob” loyihasi doirasida nashr etilgan kitoblar Guliston davlat universiteti kutubxonasiga taqdim etilishi ma’lum qilindi. Bunday ezgu tashabbuslar yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri