Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yoshlar va iqlim ta’limi" qo‘shma dasturi doirasida o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi
10:42 / 2025-11-26

Ekologik muammolar bugun globallashuv davrining eng o‘tkir muammolariga aylangani hech kimga sir emas.

Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda "Yoshlar va iqlim ta’limi" qo‘shma dasturi doirasida 70 nafar yosh "yashil elchilar" uchun uch kunlik o‘quv mashg‘ulotning ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur dolzarb trening Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi, "Ta’lim hamma narsadan ustun" jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida bugungi dunyo miqyosida keskin iqlim o‘zgarishiga doir masalalarni o‘rganishga  yoshlarni keng jalb etishga  alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Trening mashg‘ulotlari asosan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi  "Renessans" oromgohida o‘tkaziladi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh yetakchilar ishtirok etmoqda.  

Dastur doirasidagi mashg‘ulotlarda O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini tushuntirish, qurg‘oqchilikka chidamli daraxtlarning ko‘chatlaridan o‘tqazish, kompost tayyorlash, chiqindilarni kamaytirish, eng yaxshi ekologik amaliyotlarni targ‘ib yetishga oid mahalliy loyihalarni boshlash uchun amaliy ko‘nikmalar beriladi.

Bu mashg‘ulotlar yoshlarni atrof-muhit va ona-tabiatni asrab-avaylashga undaydi, ularda  iqlimiy muammolarni hal etishda mas’uliyat tuyg‘ularini tobora kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mashg‘ulotlar zamonaviy va interfaol texnologiyalar asosida o‘tkazilishi bilan diqqatga sazovor.

Ishtirokchi guruhlar o‘z hududlarida loyiha doirasida tashkil etilgan "Yosh yashil elchilar" tarmog‘ini va aholini atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilishga jalb etish maqsadida ekologik  tadbirlar rejasini ishlab chiqishlari ko‘zda tutilgan. Ushbu tadbirlar ko‘chat o‘tqazish, atrof-muhitni chiqindilardan holi saqlash, tabiatni asrab-avaylash kabi ko‘plab ekologik ahamiyatga ega tadbirlarni qamrab olish bilan ahamiyatlidir.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri