Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida vazirlik tizimidagi 10 ta oliy ta’lim muassasasidagi talaba-yoshlar o‘rtasida “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, davr talabiga mos malakali qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini tayyorlash, yoshlarning siyosiy-huquqiy, ma’naviy bilimlari va savodxonlik darajasini yuksaltirishga qaratilgan tanlovlarning tashkil etilishi talaba-yoshlarni ilm olishga, yangi g‘oya va innovatsion yondashuvlar orqali sohani rivojlantirishdagi ishtirokini oshirishga zamin yaratadi.

Ushbu tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad ham qishloq xo‘jaligiga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida zamonaviy fikrlovchi, turli tarmoq va yo‘nalishlarni bugungi keskin iqlim o‘zgarishi sharoitiga moslashtirishga oid ilg‘or fikrga ega, o‘zi tanlagan ixtisoslik bo‘yicha tashabbuskor va faol talabalar safini kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, sohada har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlashdan iborat.
Mazkur tanlov 3 bosqichdan iborat bo‘lib, dastlab universitet va institut bosqichlarida 10 ta oliy ta’lim muassasasidan jami 4 ming 99 nafar talaba-yosh ishtirok etish xohishini bildirgan bo‘lib, shundan 1 ming 851 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi.

Har bir oliy ta’lim muassasasida fakultetlar bo‘yicha jamoalar shakllantirilib, birinchi (OTM) bosqichi o‘tkazildi. Bu tanlovlarda 10 ta oliy ta’lim muassasasining 44 ta jamoasidan 264 nafar talaba-yosh (shundan 132 nafar xotin-qizlar) ishtirok etib, g‘olib jamoalar yakuniy bosqichga yo‘llanma oldi.
Tanlovning yakuniy bosqichida jamoa a’zolari birgalikda qishloq xo‘jaligining ma’lum bir sohasini innovatsion rivojlantirish, resurs tejamkor texnologiyalardan “nou-xau” usulida foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qishloq xo‘jaligini keskin iqlim sharoitiga moslash va sohani rivojlantirishga oid takliflar, biznes-reja, start-tap loyihalarini namoyish qildi.

Yakuniy bosqich natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan jamoalar Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yevropa Ittifoqi hamda BMT Taraqqiyot dasturining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tanlovda faol ishtiroki va o‘zlarining mahoratlarini yaxshi namoyon etgan jamoalar “Eng quvnoq jamoa”, “Eng ahil jamoa”, “Kreativ fikrlaydigan jamoa”, “Istiqbolli jamoa”, “Sohaning faol bilimdonlari”, “Eng faol innovatorlari”, “Eng tashabbuskor talabalari” nominatsiyalar bo‘yicha tanlab olinib, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA