Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar va energiya: kelajak manbai kimning qo‘lida?
19:25 / 2025-09-30

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yosh mutaxassislarning sohaga faol jalb etilishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu jarayonda xorijda tahsil olayotgan va xalqaro loyihalarda ishtirok etayotgan yoshlar salohiyatini yuksak baholash, ularning ilmiy va amaliy takliflarini eshitish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda Energetika vazirligi tashabbusi bilan sohaga daxldor bilim va tajribaga ega yoshlar bilan ochiq onlayn muloqot tashkil etildi.

Ushbu uchrashuvda 10 dan ortiq davlatda tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan 50 nafar yosh qatnashdi. 

Yoshlar  bilan muloqot davomida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish nafaqat strategik vazifa, balki yoshlar bilan birga quriladigan kelajak ekanini ta’kidladi.

Aytish joizki, so‘nggi olti yilda mamlakatimizda 4 682 megavatt quvvatga ega 12 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirilgan. Shu bilan birga, 300 megavattli 2 ta energiya saqlash tizimi hamda 3 274 megavattli 8 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ham ishga tushirilgan. Quyosh va shamol elektr stansiyalarining 2025 yilning o‘tgan qismida ishlab chiqargan umumiy elektr energiyasi 8 milliard kVt·soatdan oshgan. Bu esa mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning 22 foizini tashkil etdi. 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 

Bu borada “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni), “Masdar” (BAA), “Total Energies” (Fransiya), “Gezhouba” (Xitoy), “Siemens Energy” (Germaniya) kabi jahonning yetakchi kompaniyalari bilan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarimiz bilan bunday ochiq muloqotlar faqat bilim almashish emas, balki kelajakni birgalikda qurish imkoniyatidir. Bugun qayta tiklanuvchi energiya, sun’iy intellekt va innovatsion yechimlar haqidagi har bir g‘oya men uchun muhim. Chunki bu g‘oyalar ortida yurtimizning ertasi turibdi. Bizning vazifamiz esa ularga yo‘l ochish, ularni eshitish va har bir tashabbusni amaliyotga aylantirishga ko‘maklashishdir, – dedi muloqot chog‘ida vazir.

Shuningdek, Italiya, Yaponiya, AQSH, Janubiy Koreya, Polsha, Xitoy kabi davlatlardagi yosh mutaxassislar o‘z tajribalari va qarashlari bilan bo‘lishdi. Ularning fikrlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi “yashil” energiya salohiyati xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi va investitsiyalar uchun jozibador maydonga aylanmoqda. 

Uchrashuvda yoshlar tomonidan energetika sohasidagi qator takliflar bildirildi.Jumladan, sun’iy intellekt orqali boshqaruvni avtomatlashtirish, biogaz ishlab chiqarishda o‘simliklardan samarali foydalanish, qurilmalarni lokallashtirish va ularni raqamli modellashtirish kabi tashabbuslar vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuv yakunida bunday muloqotlarni doimiy ravishda o‘tkazish va yoshlarning har bir tashabbusini amaliy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan kelishib olindi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA