Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yoshlar va ekoturizm" forumi 200 nafardan ortiq yoshni birlashtirdi
20:05 / 2021-05-27

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “O‘rmon va yoshlar” loyihasi doirasida “Yoshlar va ekoturizm” forumi tashkil etildi.

Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan forumda vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, 200 nafardan ortiq yoshlar, Milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.

Forum avvalida ishtirokchilar tomonidan “Yaxshidan bog‘ qoladi” ezgu g‘oyasini yoshlar ongiga singdirish maqsadida “Yangi Zomin yoshlar bog‘i”ni tashkil etish uchun manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Mamlakatimizning betakror tabiati, hayvonot olami, go‘zal manzaralari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo aholisida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Forum doirasida sayyohlarga qulay sharoit, zarur infratuzilma yaratish, qiziqarli turistik marshrutlarni ishlab chiqishga ilmiy yondashish maqsadida bir guruh olimlar, yoshlar va soha vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Shuningdek, tabiat ne’matlaridan yoshlarni bahramand qilish, o‘rmonlarda yetishtirilayotgan mahsulotlar va ularning salohiyatini keng ommaga namoyish qilish maqsadida o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi.

Forumda milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasi tarkibidagi 4 ta Milliy tabiat bog‘i va 10 ta ovchilik xo‘jaligi tomonidan 2021-2022 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan turli loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida “O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi kubogi” uchun sport o‘yinlari ham ishtirokchilarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Bundan tashqari, forum doirasida Zomin tabiat milliy bog‘ining go‘zal manzaralari bo‘ylab ekoturistik sayohat, forum ishtirokchilarini taqdirlash tadbirlari ham o‘tkazildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA