Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Paykent mahallasida 1540 nafar yosh istiqomat qiladi. Bugungi kunda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, turli to‘garak va o‘quv mashg‘ulotlari, bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida mahallada yoshlar tadbirkorligi izchil rivojlanayotgani quvonarlidir. Shu yo‘nalishda mahalla yoshlar yetakchisining tashabbuslari ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlarni kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va turli ijtimoiy loyihalarga jalb qilish bo‘yicha muntazam ishlar olib borilmoqda. Natijada, Paykent yoshlari bugun o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon qilish uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lmoqda.

Shu mahallada yashovchi Elbek Jabborov joriy yilda Buxoro davlat universitetining ingliz tili yo‘nalishini tamomladi. Davlatimiz rahbarining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida unga 100 million so‘m miqdorida imtiyozli bank krediti ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobiga o‘z mahallasida zamonaviy internet-kafe tashkil etdi.

Mazkur maskanda yoshlar “Ziyonet”, “Ibrat farzandlari” kabi elektron platformalar orqali xorijiy tillarni o‘rganish, zamonaviy bilimlarni egallash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun sharoit yaratilgan. Bu esa mahalla yoshlarini intellektual salohiyatini oshirish, ularni yurt taraqqiyoti yo‘lida faol bo‘lishga undashda muhim omil bo‘lmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA.