Har bir yosh maktabni tugatgach yoxud o‘rta maxsus, kasb hunar ta’limiga ega bo‘lgach, oliy ta’lim muassasasida o‘qishni orzu qiladi. Va albatta, qaysidir oliygohni tanlashiga to‘g‘ri keladi.
Navoiy innovatsiyalar universiteti yoshlar uchun oqilona tanlovdir. Bu ta’lim dargohi o‘z bilim darajasini oshirish va karerasini shakllantirishga intilayotgan yoshlarga mo‘ljallangan zamonaviy oliy ta’lim muassasasidir.
– Bu yerda xalqaro tajribaga ega professional pedagoglar tomonidan sifatli ta’lim beriladi, – deydi universitet rektori Nuriymon Abdulhasan. – Universitetimizda uchta fakultetda 13 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlanadi. Talabalarimiz ikkinchi kursdan boshlab o‘quv dasturlari doirasida xorijiy oliygohlarda o‘z bilimlarini yanada oshirib, tajriba almashishlari mumkin. Buning uchun Germaniya bilan hamkorlikda 2+2 dasturi asosida katta loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Turkiya va Janubiy Koreyadagi nufuzli oliygohlar bilan kelishuvlarimiz bor.
Rektorning ta’kidlashicha, sifatli ta’lim uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda universitet yoshlari kamida uchta tilni biladigan mutaxassis qilib tayyorlanadi. Buning uchun oliygohda barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud.
Shuningdek, yoshlar onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishi, shartnomani yuklab olishi yoki imtihon topshirishi mumkin. “Call center” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 24/7 rejimda abituriyentlar hujjat topshirish va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishi mumkin.
[gallery-12459]
– O‘zim kollejni bitirib, Navoiy shahridagi yirik sanoat korxonalaridan birida ishlayman, – deydi Jasur Cho‘liyev. – Viloyatimizda yangi oliygoh tashkil etilganligini eshitib, hujjat topshirdim. Hujjat topshirishdan oldin yaratilgan sharoitlar, dars berish jarayonlari bilan tanishdim. Boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan taqqoslagan holda ushbu universitetni tanladim. Hozir 1-bosqichni tamomladim. Bu yerni tanlaganimdan afsuslanmayman, aksincha faxrlanaman. Kelgusida yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun hissa qo‘shishni niyat qilgan holda bilim olmoqdaman.
Oliygoh yaqinda universitet maqomini oldi va endi u respublikadagi hamda xorijdagi oliy ta’lim muassasalari bilan bemalol sog‘lom raqobatni amalga oshira oladi.
Nega yoshlar aynan ushbu oliy o‘quv dargohini tanlashi kerak? Bu savolga universitet rektori shunday javob beradi:
– Birinchidan, Navoiy innovatsiyalar universiteti malakali kadrlarni yetishtirib chiqaradigan nodavlat oliy ta’lim maskani hisoblanadi. Ikkinchidan, universitetning barcha o‘quv xonalari zamonaviy va eng so‘nggi uslubdagi o‘quv jihozlari bilan jihozlangan. Uchinchidan esa, universitetga ariza topshirishdan boshlab, test jarayonlari hamda to‘lov shartnomalarini olishgacha bo‘lgan jarayonlarni uyda o‘tirgan holda ham tez va oson amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, oliygohning o‘ziga xos ustuvor tomonlari ham bor. Bu yerda talabalar shinam, yorug‘, qulay, axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan o‘quv xonalarida olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashlari mumkin. Nodavlat oliy ta’lim muassasalari orasida faqatgina mazkur oliygohda biologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga, axborot texnologiyalari yo‘nalishini bitirgan talabalar xalqaro darajadagi malakaga ega bo‘ladi.
Navoiy innovatsiyalar universitetiga tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari oliygoh faoliyati bilan tanishish asnosida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lishdi va mutasaddilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA