FOTOREPORTAJ
Hozirgi davr axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni mukammal bilishni talab qilmoqda. Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasihar bir hududda yoshlar uchun yangi imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir samarasini Toshloq tumanida barpo etilgan “Toshloq IT-shaharcha” misolida ko‘rish mumkin.
Tumanning Yangi yo‘l mahallasida joylashgan mazkur IT-shaharcha 40 sotix yer maydonida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda 2 ta binodan iborat 2 qavatli o‘quv maskani faoliyat yuritmoqda. Jami 20 ta o‘quv xonasida bir vaqtning o‘zida 300 nafargacha, yil davomida esa 3000 nafargacha o‘g‘il-qiz axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish imkoniga ega.
Markaz kapital ta’mirdan chiqarilib, qo‘shimcha ravishda konteyner usulida yangi bino ham qurildi. Respublika IT-Park tomonidan eng zamonaviy kompyuter texnikasi va mebellar bilan jihozlandi. IT-shaharcha yoshlarda nafaqat dasturlash, balki grafik dizayn, veb va mobil ilovalar yaratish, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, ingliz va boshqa xorijiy tillar bo‘yicha bepul ta’lim olishi mumkin. Bu yerda zamonaviy o‘quv auditoriyalari, kovorking zonalari, laboratoriyalar va yuqori tezlikdagi internet mavjud.
[gallery-24662]
– Ayni pytda markazda 8 nafar o‘qituvchi 700 nafarga yaqin o‘g‘il-qizga turli yo‘nalishlar bo‘yicha saboq bermoqda, - deydi shaharcha boshqaruvchisi Ubaydulloxon Topvoldiyev. – O‘quvchilarimiz asosan maktab yoshidagi bolalar. Kundan-kunga ularning soni ortib bormoqda. Ahamiyatlisi, barcha mashg‘ulotlar mutlaqo bepul. Maqsadimiz – yoshlarni axborot texnologiyalariga qiziqtirish va kelajakda talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar yetishtirish.
Ta’lim va ish bilan ta’minlash sohasidagi maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladigan mazkur markaz kelajakda yurtimiz IT eksport salohiyatini mustahkamlashda muhim poydevor bo‘ladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA