Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar davri
12:16 / 2026-02-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti mamlakatimiz taraqqiyotida, ayniqsa, yoshlar siyosatida yangi bosqichni, yangi imkoniyatlar davrini boshlab berdi.

Bu o‘z navbatida yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion g‘oyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

Davlatimiz rahbari yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini ta’kidlab, barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmasligini alohida ta’kidladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida biz ushbu vazifalarni to‘liq va sifatli amalga oshirishni ustuvor maqsad deb bilamiz. Yoshlar uchun bilim, innovatsiya va tadbirkorlik xabi bo‘lishi, bitiruvchi esa ish izlovchi emas, balki qiymat yaratuvchi mutaxassis sifatida hayotga qadam qo‘yishi shart va bu bizning asosiy maqsadimizdir.

Muloqot davomida yoshlarning fikr va takliflarini eshitish, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlarni ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Innovatsion g‘oyalar, startap loyihalar, ta’lim va bandlik sohalaridagi tashabbuslarning tinglanishi davlat siyosatining ochiqligi va xalqchilligini yana bir bor namoyon etdi.

Universitetimiz bitiruvchilarining 100 nafardan ortig‘i tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida startap loyihalari ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kunda Milliy bank tomonidan 33 nafariga zarur miqdordagi kredit mablag‘lari ajratildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatidagi yirik ish beruvchi korxonalardan biri bo‘lgan “Siyob Shavkat Orzu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi, “SamAnterGilam” korxonasi hamda “Novobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi bilan o‘zaro hamkorlik va ishga joylashtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Bitiruvchi yoshlar veterinariya, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi hamda iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha o‘qish davrida pullik amaliyotlar va kelgusida muqarrar ish o‘rniga ega bo‘lishi ta’minlanyapti.

Prezidentimizning yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishini e’lon qilishi, bu amaliy ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etib o‘tdi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishini ta’kidladi.

Universitetimizda bitiruvchi yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish maqsadida “Karera markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu markaz orqali bitiruvchilar respublikamiz iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar orqali o‘zlariga ma’qul bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlariga ega bo‘lmoqda. “Karera markazi” orqali startap loyihalarni tayyorlashda, shuningdek, biznes loyihalarini ko‘rib chiqib takomillashtirishda va moliyalashtirishgacha ko‘maklashish yuzasidan ma’lumotlar bitiruvchi rezyumesini tayyorlash jarayonlari to‘liq markaz tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.

Muloqotda xorijiy oliygohlar ilg‘or tajribalari asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish maqsadida kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilanganligi, dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda berilishi bitiruvchi talabalarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishida yanada keng imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, endi universitetlar faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga, dual ta’lim keng joriy etilib, “spin-off” va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali universitet iqtisodiy rivojlanish drayveriga aylanadi.

Shu bilan birga, yoshlarning jismoniy tarbiyasi va sog‘lom turmush tarzi ham Prezidentimiz e’tiboridan chetda qolmadi.  Yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini kengaytirish, talabalar ligalari, sport turnirlari, musobaqalarni tashkil etish orqali biz sog‘lom, faol va maqsadli yoshlarni tarbiyalaymiz.

Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idoralar va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi belgilangani davlat boshqaruvida yangi ish uslubini joriy etmoqda. Bu kunda rahbarlar joylarga chiqib, yoshlarning muammo va takliflarini bevosita eshitadi hamda ularni joyida hal qilish choralarini ko‘radi. Bu esa muloqotni rasmiy hisobot emas, amaliy natijaga qaratilgan tizimga aylantiradi.

Xudaynazar Yunusov,

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, 

chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori.

O‘zA