Sirdaryo tumanida “Xitoy tili va kasbiy mahorat” markazi ish boshladi.
Xitoyning Shenyan kimyo-texnologiya universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali, Guliston davlat pedagogika instituti hamda “Peng-Sheng” sanoat parki hamkorligida tashkil etilgan markazning ochilish marosimida viloyat hokimligidan mutasaddi rahbarlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

“Xitoy ustaxonasi” loyihasi doirasida tashkil etilgan markazda xitoy tili zamonaviy ishlab chiqarish amaliyoti va kasbiy ta’lim elementlari uyg‘unligida o‘rgatiladi. Markazda talabalar va yosh mutaxassislar uchun muhandislik, texnologiya, ishlab chiqarish va kasb-hunar yo‘nalishlarida zamonaviy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ta’lim jarayonlarini O‘zbekiston va Xitoyning yetakchi mutaxassislari olib boradi.

– Xitoy tili va kasbiy mahorat markazi nafaqat til o‘rganish, balki sanoat ehtiyojlariga mos, malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, – deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori birinchi o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev. – Bugungi kunda ishlab chiqarish sohalarida zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan, xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qila oladigan kadrlarga ehtiyoj yuqori. Bu markazda yoshlarimiz ham bilim, ham kasb, ham xorijiy tilni o‘zlashtiradi, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanadi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, markazning faoliyat boshlagani yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Ular nafaqat xitoy yoki boshqa xorijiy tillarni o‘rganadi, balki, xitoy tajribasi asosida muhandislik, texnologiya, ishlab chiqarish va kasb-hunar yo‘nalishlarida bilim va malakasini oshiradi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri