Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun xizmat ko‘rsatish majmui
17:03 / 2026-02-23

Bugungi kunda yurtimizda yosh avlodga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ertamiz egalari qalbida ishonch, kelajakka umid va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlamoqda. Ayni shu izchil siyosatning amaldagi ifodasi sifatida Namangan viloyatining Chust tumanida “Chust yoshlar xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur majmua Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi  “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida  “Aloqabank” tomonidan ajratilgan 100 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan zamonaviy qiyofaga keltirildi.

Qayd etish joizki, tumanda yigit-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini iqtisodiyot tarmoqlarida, shu jumladan, “startap” va innovatsion loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, kasb-hunar, raqamli texnologiyalar hamda xorijiy tillarni chuqur egallashi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida qator amaliy ishlar qilindi.

Tumandagi yoshlar yetakchilari tomonidan xatlov jarayonlari davomida 942 nafar ishsiz yosh ro‘yxati shakllantirilgan. Tuman hokimligi va mas’ul tashkilotlarning hamkorligida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida hozirga qadar 568 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi. Qolgan 374 ishsiz yoshning 127 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtiriladi. Ular orasidan 50 nafari “Chust yoshlar xizmati”ga ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Yangi markazda baholash, sug‘urta va birja xizmatlari, xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv markazi, qishloq xo‘jaligi texnik xizmatlari, yetkazib berish, ko‘chirish, gilam yuvish kabi o‘nlab xizmat turlari ham o‘rin olgan. Ko‘rsatiladigan xizmatlar hududdagi boshqa sub’ektlardan farqli ravishda raqobatbardosh bo‘ladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA