English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun tarixiy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi
15:16 / 2025-09-13

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashining tashabbusi bilan viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Faxriylar kengashi va jamoatchilik vakillari hamkorligida yosh avlodda vatanga muhabbat, milliy g‘urur va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni tarixiy xotira hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tarixiy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.

Tadbir qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlanib, viloyatning boy tarixi va madaniy merosini o‘zida aks ettiruvchi davlat muzeylariga tashrif bilan uyg‘unlashtirildi.

Sayohat davomida ishtirokchilar tarixiy obidalar va muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishishdi. Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan noyob eksponatlar, arxiv hujjatlari va tarixiy dalillar yoshlarda ajdodlarimiz jasorati va fidoyiligini chuqur his etishga xizmat qildi.

Shuningdek, yoshlar Sirdaryo viloyatining urf-odatlari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishib, milliy qadriyatlarning ahamiyatini teranroq angladilar. Tadbir ishtirokchilari o‘z taassurotlarida bunday sayohatlar ularning dunyoqarashi va hayotiy yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.

–   “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan bu sayohat yoshlarimiz uchun katta hayotiy dars bo‘ldi, –  dedi O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov. –  Biz yoshlarni tarixiy xotira va milliy qadriyatlar bilan tanishtirish orqali ularda vatanga sadoqat, xalqqa xizmat qilish ruhini kuchaytirishni maqsad qilganmiz.

Albatta, tarixdan saboq olgan, ajdodlar jasoratidan ilhomlangan yoshlargina yurtimizning ertasiga munosib hissa qo‘sha oladi. Shu bois, bu kabi tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi yuksak ma’naviyatli, mas’uliyatli va Vatan ravnaqiga sadoqatli avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri