Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun startap va innovatsiyalar maydoni
19:15 / 2026-02-23

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi Agrar sohada bilimlar va innovatsiyalar tizimi (AKIS) binosida tuman hokimining o‘rinbosarlari va bitiruvchi yoshlar ishtirokida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, sohani ilm-fan va innovatsiyalar bilan boyitish hamda yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi  “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkazilishi belgilangan. Bu yoshlarga o‘z g‘oya va loyihalarini amalga oshirish, ilmiy va innovatsion salohiyatini namoyish etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasi zamonaviy texnologiyalar, raqamli tizimlar, tomchilatib sug‘orish, intensiv bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi va agrologistika kabi istiqbolli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olib, yosh mutaxassislar uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Uchrashuvda yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallash, innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirish va o‘z loyihalari orqali tuman iqtisodiyotiga hissa qo‘shishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun nafaqat innovatsion g‘oyalarini rivojlantirish, balki kelgusida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida samarali faoliyat boshlash va biznes salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

– Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun katta imkoniyat va ilhom manbai hisoblanadi, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari Murod To‘raqulov. –   Ular orqali zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va innovatsion loyihalarni o‘rganish, o‘z g‘oyalarini amalda sinab ko‘rish hamda tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Yoshlarimizga berilgan amaliy tavsiyalar, qo‘llab-quvvatlash va imtiyozlar ularning startaplarini rivojlantirish va kelgusida barqaror faoliyat olib borishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir yakunida yoshlar o‘z savollari bilan murojaat qilishdi, tajribali mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari muhokama qilindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri