Mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi yil sayin ortib bormoqda. Shu kunlarda oliygohlarga abituriyentlarning hujjat topshirishi ayniqsa yanada qizg‘in pallaga kirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining statistik ma’lumotiga ko‘ra, 14 iyun soat 18.00 ga qadar 2022/2023 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun my.dtm.uz va my.gov.uz saytlari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 575 ming 834 nafarni tashkil etmoqda.
Bu yil oliy ta’lim dargohlariga qabul jarayoni qanday kechadi? Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori Majit KARIMOV quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Ma’lumki, 2022 yil 20 iyundan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish boshlandi. Abituriyentlarni ro‘yxatga olish Davlat test markazining my.dtm.uz sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz sayti) orqali onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. 2022 yilning 14 iyuni soat 18.00 holatiga ko‘ra oliygohga hujjat topshirgan abituriyentlar 575 ming 834 nafarni tashkil etdi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentlarda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, ya’ni biometrik pasport yoki ID-karta hamda umumiy o‘rta ta’lim olganligini tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi yetarli. Bunda abituriyentlarning pasport ma’lumotlari, ya’ni familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, rasmi kabi ma’lumotlar Davlat personallashtirish markazidan real vaqt rejimida olinadi.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda fuqaroligi bo‘lmagan abituriyentlarning hujjatlari qabul komissiyalari tomonidan sinchiklab o‘rganiladi.
Qoraqalpog‘istondagi abituriyentlarni ro‘yxatga olish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Garchi internet bilan bog‘liq muammolar bo‘lsada, 9 iyuldan boshlab my.dtm.uz va my.gov.uz saytlari to‘liq ishlamoqda va abituriyentlar mazkur saytlar orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida joylashgan Davlat xizmatlari markazlarida ham abituriyentlarni ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda Davlat test markazi va oliy ta’lim muassasalaridan mutaxassislar Davlat xizmatlari markazlariga abituriyentlarga maslahat berish uchun jalb etilgan. Shuningdek, my.dtm.uz va my.gov.uz saytlari orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi to‘g‘risida o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida SMS-xabarlar yuborildi.
Yana bir muhim jihat – Qoraqalpog‘istondagi abituriyentlar uchun ro‘yxatga olish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlangan bo‘lib, uning ijobiy hal bo‘lishi kutilmoqda.
Bu yili ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda ta’lim shakli bo‘yicha cheklov olib tashlandi. Joriy yilda abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash huquqi berildi. Natijada abituriyentlar ta’lim yo‘nalishlarini turli ta’lim shakllari doirasida tanlashlari mumkin bo‘ldi.
Misol uchun, birinchi ta’lim yo‘nalishini kunduzgi, ikkinchi ta’lim yo‘nalishini kechki, uchinchi ta’lim yo‘nalishini sirtqi, to‘rtinchi ta’lim yo‘nalishini masofaviy ta’lim shakli doirasida tanlash mumkin.
Yana bir yangilik shuki, bu yil chet tilidan kasbiy imtihonlar o‘tkaziladi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon davlat pedagogika va Nukus davlat pedagogika institutlarining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy imtihon o‘tkaziladi.
Abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashlari mumkin. Bunda chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bilan birga test sinovi o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlarini tanlashga ruxsat etilmaydi.
Chet tilidan ijodiy imtihonlar 2 bosqichda tashkil etilib, 1-bosqich – tinglab tushunish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini baholash imtihonlari qog‘oz shaklda, 2-bosqich – gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqilgan dastur orqali maxsus joylarda elektron tarzda o‘tkaziladi.
Chet tilidan ijodiy imtihonda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball har bir ko‘nikma bo‘yicha 30 balldan jami 120 ballni tashkil etadi.
Abituriyentlarning chet tilidan ijodiy imtihonlar bo‘yicha to‘plagan ballari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda 93 ballga nisbatan proporsional tarzda hisoblanadi.
Yana bir yangilik shuki, bu yil test paytida abituriyentlarga asosiy formulalar jadvali beriladi. Ma’lumki, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida abituriyentlarga D.I.Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvali beriladi.
2020 yildan boshlab abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida fizika fanidan “Doimiy fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali” ham berila boshlandi.
Joriy yildan esa xalqaro standartlar o‘rganilgan holda abituriyentlarga kimyo, fizika va matematika fanlaridan asosiy formulalar jadvalini berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, test topshiriqlarini ishlash uchun qoralamalar ham abituriyentlarga taqdim etiladi. Oldingi yillarda abituriyentlarga kimyo, fizika va matematika fanlaridan test topshiriqlarini ishlashlari uchun test topshiriqlari kitobining oxiriga qo‘shimcha oq varaq qo‘shib berilar edi.
Joriy yildan boshlab esa abituriyentlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida kimyo, fizika va matematika fanlarida har bir test topshirig‘idan so‘ng misol ishlash uchun ma’lum miqdorda joy qoldirish rejalashtirilgan. Natijada abituriyentlar misolni test topshiriqlari kitobining oxiriga ko‘chirib, ishlash o‘rniga shu yerning o‘zida ishlash imkoniyati yaratildi.
Bu yilgi test sinovlari mamlakatimizning 53 ta stadion va xiyobonlarida o‘tkaziladi. Shu kunlarda test sinovlarining yuqori saviyada, tartibli oshkora va shaffof o‘tkazilishi uchun zarur barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
O‘zA muxbiri Nazokat USMONOVA yozib oldi.