French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun katta imkoniyat
11:45 / 2025-06-24

Nukus shahridagi markaziy maydonda “ACWA Power” loyihasi doirasida bosh pudratchi “HDEC” kompaniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyalarini qurish loyihasi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Mazkur yirik ish o‘rinlari ko‘rgazmasi Orolbo‘yi yoshlari uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Tadbirda turli tarmoq va yirik kompaniyalar bilan bir qatorda, energetika sohasida global yetakchilardan biri bo‘lgan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi ham ishtirok etdi. Kompaniya tomonidan bugungi kunda Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlarida 100 va 2000 MVt quvvatlarga ega bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi hamda “ACWA Power” kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda 10 ming nafardan ortiq fuqaro ishtirok etgan bo‘lsa, ularning ko‘pchiligini oliygoh bitiruvchilari, kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlar tashkil etdi. Ular orasida ingliz tilini biluvchi va muhandislik, energetika, IT kabi yo‘nalishlarda tahsil olganlar “ACWA Power” kompaniyasi vakillari bilan bevosita suhbatlashib, tanlov jarayonlariga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 

[gallery-24024]

“ACWA Power” tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari, ayniqsa, chet tillarni biladigan, texnik bilimga ega bo‘lgan, istiqbolli kasblarni egallashga intilayotgan yoshlar uchun katta imkoniyat sifatida baholandi. 

Kompaniyaning HR (inson resurslari) bo‘limi vakillari nafaqat hozirgi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi, balki kelajakda zarur bo‘ladigan energetika mutaxassisliklari, til bilimi va malaka oshirish kurslari haqida ham maslahatlar berishdi. 

Kompaniya tomonidan ishtirokchilarga shifokor, hamshira, muhandis-elektrik, muhandis-quruvchi, administrator, tarjimon, tozalovchi, oshxona xizmatchisi, jamoatchilik bilan aloqa bo‘yicha mutaxassis, xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha muhandis, qorovul, mexanizatorlar, haydovchilar, maxsus texnika operatorlari, avtomobil haydovchilari, har xil yo‘nalishdagi ishchilar bo‘yicha jami 2 ming 294 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha ish staji, til bilish darajasi bilan bog‘liq maxsus talablar mavjud.

—Qo‘ng‘irot tumanidagi loyihamiz uchun tajribali va iste’dodli mutaxassislar judayam zarur, — deydi “ACWA Power” kompaniyasining madaniyat va xodimlar bilan ishlash bo‘limi rahbari Olga Pak. — Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ishtirokchilar orasidan eng munosiblarini tanlab olishdan iborat.

“ACWA Power” — Saudiya Arabistonining qayta tiklanuvchi energiya, suvni tozalash va yashil vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniyasidir. 77 ta loyiha bilan 12 ta mamlakatda faoliyat yuritayotgan bu kompaniya bugun O‘zbekistonda ham o‘z faoliyatini kengaytirib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish (quyosh va shamol elektr stansiyalari), suvni tozalash inshooti kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.

2030 yilgacha umumiy 15 milliard AQSH dollariga yaqin investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. 

Mazkur kompaniya bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyihalar nafaqat O‘zbekistonning energetika mustaqilligini ta’minlash, balki yoshlarni o‘qitish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va dunyo bozoriga chiqa oladigan kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda. Shunday yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalar — bu shunchaki ish topish maydoni emas, o‘z ustida ishlash, til o‘rganish, texnik ko‘nikmalarni rivojlantirish va xalqaro mehnat bozoriga chiqish uchun katta eshikdir.

Ko‘rgazma chog‘ida kompaniya vakillari tomonidan maxsus ro‘yxatlar shakllantirilib, qator yoshlar ACWA Power ning O‘zbekistondagi loyihalarida ishlash yoki o‘qish uchun suhbatga chaqirilishi ma’lum qilindi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA