Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun «Karera kuni» tashkil etildi
15:35 / 2024-05-07

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2023-2024 o‘quv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar o‘rtasida bevosita muloqotni ta’minlash maqsadida «Yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori!» shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi.  

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida hassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy jihatdan, fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham ko‘plab yangiliklar amalga oshirilgani alohida e’tirof etildi.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan «Karera kuni» uchrashuvining o‘tkazilishi muntazamlik kasb etgan.  

Unda Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik va Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 2023-2024 o‘quv yilida 286 nafar talaba bakalavriat va 81 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda 10 dan ziyod kafedralar faoliyat yuritmoqda.  

Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib bormoqda. Hozirgi kunga kelib, Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 130 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangan.  

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2022 yilgi respublika oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingida ilmiy salohiyati bo‘yicha – birinchi o‘rinni, ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida ham ikkinchi o‘rinni egalladi.  

Oliy ta’lim muassasalarining faoliyati natijalari bo‘yicha milliy reytingida esa O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.  

Ta’kidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘plab yangiliklar amalga oshirildi.  

Talaba-yoshlar xalqaro ta’lim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga o‘z sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda o‘z moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro ta’lim standartlari asosida ta’lim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.  

Bitiruvchilarni munosib ish o‘rni bilan ta’minlash maqsadida hozirda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Talabalar yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.  

Tadbir davomida ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 50 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.  

– Markazimiz ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi maskan sanaladi, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Sodiqjon Yo‘ldoshev. – Kadrlar asosan fan doktori, fan nomzodlari kabi ilmiy darajalari bo‘yicha ishga qabul qilinadi. Manbashunoslik, ziyorat turizmi, tarixshunoslik, muzeyshunoslik, bibliografiya kabi yo‘nalishlardagi mutaxassislar biz uchun kerakli sanaladi. Qadimiy manbalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega, xorijiy tillarni puxta bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Markazimizda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar samarali faoliyat olib bormoqda.  

– Institutimizga sharq tillarini mukammal biladigan, manbalar bilan ishlay oladigan tarixchilar kerak, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy kotibi Odil Zaripov. – Har yili tayanch doktoranturaga 10 nafar, doktoranturaga 2 nafar kadrlar qabul qilamiz. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchi-yoshlari institutimizda ishlamoqda.  

Islom Nazarov bu yil O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining islom tarixi yo‘nalishini tamomlamoqda. Uning aytishicha, ushbu tadbir o‘z yo‘nalishiga mos tashkilot va muassasalar faoliyati bilan kengroq tanishish imkonini beradi.  

Muyassar Jahongirova esa mazkur akademiyaning magistratura bosqichi dinshunoslik yo‘nalishini bitirmoqda.  

– Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti vakillari bilan gaplashib, vakant o‘rinlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldim, – dedi M.Jahongirova. – Qadimiy diniy kitoblarni restavratsiya qilish bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bor ekan. Kelgusida ushbu institutda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, kadrlarga qo‘yiladigan talablar bilan atroflicha tanishib, ishga kirish niyatim bor.  

Ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi samarali o‘tdi.  

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri