O‘zbekistonda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy va jismoniy rivojiga ustuvor ahamiyat qaratish mamlakatimizdagi yangilanishlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi aynan shu maqsadga xizmat qilib, yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy faolligi va shaxsiy salohiyatini yuzaga chiqarish uchun samarali platformalardan biriga aylanmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan Shayxontohur tumanidagi mahallalarda 100 nafardan ortiq yoshlarni qamrab olgan “Yoshlar — uchinchi renessans poydevori” shiori ostida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir doirasida futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka hamda zamonaviy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Akademiya professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari tomonidan maktab o‘quvchilari bilan foydali suhbatlar, ma’naviyat darslari hamda turli to‘garaklar tashkil etildi. Bu to‘garaklarda bolalar ma’naviy-ma’rifiy, yuksak axloq, oilaviy qadriyatlar, sog‘lom hayot tarzi kabi mavzularda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
– Bugungi kunda dunyo miqyosida kuzatilayotgan ijtimoiy va siyosiy inqirozlar bois yosh avlod tarbiyasi har qachongidan ham muhim bo‘lib, strategik vazifaga aylandi, — deydi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi birinchi prorektori, Habibullo Sadibaqosev. — Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor — bu shunchaki ijtimoiy siyosat emas, balki millat kelajagini ta’minlashga oid uzoqni ko‘zlagan davlat siyosatining namunasidir. “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar — yoshlarni turli oqimlar, g‘arazli g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati va ma’naviy barkamollikni shakllantirishda muhim vosita hisoblanadi.

Akademiyaning professor-o‘qituvchilari yoshlarni hayotga tayyorlash, ularni jamiyatda faol shaxs sifatida kamol toptirish masalasida ham o‘z mas’uliyatini to‘liq his qilmoqda.
Shayxontohur tumanida amalga oshirilgan ushbu tadbirlar — mahalla, ta’lim muassasasi va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlik qanday samara berishini yaqqol ko‘rsatdi. Bunday ishlarni tizimli va uzluksiz davom ettirish bugungi kundagi eng muhim vazifamiz hisoblanadi.

Ta’lim, tarbiya va jismoniy mashg‘ulotlarni uyg‘unlashtirgan bunday tadbirlar yoshlar uchun juda muhim. O‘quvchilarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi yanada boyib, vatanparvarlik va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabati mustahkamlanadi. Shu bilan birga, mamlakatimizda barqaror ijtimoiy muhitni mustahkamlashga, yoshlarning radikal g‘oyalarga qarshi immunitetini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.
Tadbir so‘ngida eng faol va g‘olib ishtirokchilar akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri