Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab yozgi ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, talabalarni tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida turli tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida shaxsiy rivojlanish bo‘yicha ekspert, biznes murabbiy va motivatsion spiker M.Eshonqulov bilan “Hayotni strategik rejalashtirish – muvaffaqiyat sari yo‘l” mavzuida biznes muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda M.Eshonqulov “Hayotni strategik rejalashtirish” mavzusida ma’ruza qilib, o‘zining hayotiy tajribalari haqida gapirdi. Muvaffaqiyatsizliklardan saboq olish va maqsadlarga erishish yo‘llari haqida chuqur tahlilga boy fikrlar bildirdi.

Tadbir davomida strategik fikrlash nimaligi haqida so‘z yuritilib, hayotda samarasiz harakatlarning oldini olish uchun uzoq muddatli qarash va puxta rejalash lozimligi tushuntirildi. Maqsad qo‘yishning SMART texnologiyasi – aniq, o‘lchovli, erishib bo‘ladigan, real va vaqt bilan cheklangan maqsadlar tuzish usullari haqida interaktiv misollar keltirildi.
Tadbir davomida M.Eshonqulov faqat nazariy ma’lumotlar bilan cheklanmay, o‘zining biznes yo‘lidagi bosqichlari, ulardan qanday yangi imkoniyatlar yaratganini so‘zlab berdi. Yoshlarni “harakatga yo‘naltirilgan strategik tafakkur” sari undadi.
Tadbir so‘nggida savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar hayotiy muammolari, kasb tanlash, vaqtni boshqarish, qaror qabul qilishdagi ikkilanishlar haqida savollar berib, M.Yeshonqulovdan amaliy tavsiyalar oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA