Boyovut tumani Yoshlar ishlari bo‘limi tashabbusi bilan "Ibrat farzandlari" loyihasi doirasida tashkil etilgan “Ibrat akademiya” xorijiy tillar va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan o‘quv markaziga ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur uyushtirildi. Tadbirda Yoshlar ishlari bo‘limining rahbari Anvar Jabborov, jurnalistlar, blogerlar va internet media vakillari ishtirok etdi.
Press-tur davomida ishtirokchilarga Sarmich va Jo‘langar mahallalaridagi yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali o‘tkazishga qaratilgan ishlar, xususan, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan ingliz tili hamda axborot texnologiyalari (IT) kurslarining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

– O‘quv markazimizda bugungi kunda 300 nafardan ziyod bolajonlar ingliz tili va dasturlash asoslarini o‘rganmoqda. Ularning bilim va salohiyatiga qarab maxsus darajalarga bo‘lingan guruhlarda darslar tashkil etilgan. Nafaqat mahallamiz va tuman markazidan, balki Bekobod shahridan ham kelib o‘qiyotgan o‘quvchilarimiz bor. Ularning ko‘zlaridagi ilmga chanqoqlik men uchun eng katta ilhom manbai, – deydi o‘quv markazi rahbari Xurshida Egamberdiyeva.

Tashrif davomida OAV vakillari markazdagi dars jarayonlari, interaktiv o‘quv usullari, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan sinfxonalar, o‘quvchilarning amaliyotda namoyon etayotgan bilim va ko‘nikmalari bilan yaqindan tanishdilar. Darslardagi innovatsion yondashuv va individual ta’lim metodikasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Kurs qatnashchilari tomonidan o‘qilgan qisqa inglizcha nutqlar, jamoaviy ishlash mashqlari hamda IT bo‘yicha amaliy loyihalar orqali ularning o‘zlashtirayotgan bilimlari namoyish etildi.
Bu kabi ta’lim tashabbuslari yoshlar orasida ta’limga qiziqishni oshirish, intellektual salohiyatni yuksaltirish, ularni raqobatbardosh va zamonaviy mutaxassislar qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, yozgi ta’tilni faqat dam olish emas, balki o‘sish va rivojlanish imkoniyatiga aylantirishda bu markazning roli alohida ta’kidlashga loyiq.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri