Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar uchun barcha sharoit yaratilmoqda
19:46 / 2015-08-14

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan Toshkent shahridagi Inxa universitetida 2016-yilning sentabr oyidan yangi yo‘nalish – logistika fakulteti ish boshlaydi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan Toshkent shahridagi Inxa universitetida 2016-yilning sentabr oyidan yangi yo‘nalish – logistika fakulteti ish boshlaydi.

O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida Toshkent shahridagi Inxa universiteti rahbariyati va Inxa universiteti (Janubiy Koreya) delegatsiyasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lum qilindi. Tadbir ishtirokchilariga Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2014-yilda tashkil etilgan ushbu oliy ta’lim muassasasi va uni rivojlantirish istiqbollari xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Toshkent shahridagi Inxa universiteti rektori Sherzod Shermatov mamlakatimizdagi ushbu universitet Koreya Respublikasi tomonidan xorijda tashkil etilgan birinchi oliy o‘quv yurti ekanini ta’kidladi. Mazkur ta’lim muassasasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yorqin samarasidir.

Tadbirda talabalar uchun universitetda yaratilgan sharoitlar, joriy yilgi kirish imtihonlari natijalari, iqtidorli yoshlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimi xususida so‘z yuritildi.

Oliy o‘quv yurti vakillarining fikriga ko‘ra, kirish imtihonlarida qayd etilgan a’lo natijalar ko‘p jihatdan universitetda abituriyentlar uchun maxsus tayyorlov kurslari tashkil etilgani bilan bog‘liq. Shunisi e’tiborliki, eng yaxshi natija ko‘rsatgan tinglovchilar kursni tamomlagach, imtihon topshirmasdan o‘qishga qabul qilindi.

– O‘zbekiston yoshlarining muvaffaqiyati havasimizni keltirmoqda, – deydi Inxa universiteti prezidenti Sunya Choy. – Toshkent shahridagi Inxa universitetida ta’lim olayotgan har bir yigit-qiz Janubiy Koreyadagi asosiy oliy o‘quv yurti talabasi hisoblanadi va barcha tegishli imtiyozlardan foydalanadi. Logistika fakultetining ochilishi ham muhim. Zero, mamlakatingizda bu yo‘nalishga talab ortib bormoqda.

Matbuot anjumanida Inxa universiteti delegatsiyasi a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida o‘tkazgan muzokaralari xususida so‘z yuritildi. Uchrashuvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ta’lim berish, Toshkent shahridagi Inxa universitetini rivojlantirish borasida hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Mehmonlar Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyati, bu yerda talabalarning o‘qishi va amaliyot o‘tashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. «Universitetning 3-, 4-kurs talabalari uchun mo‘ljallangan laboratoriya xonalarini ko‘zdan kechirish chog‘ida Incheonda ham yuqori kurs talabalari uchun shunday o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishimiz kerak, degan fikrga keldim», – deydi Sunya Choy.

Mehmonlar mamlakatimizning yetakchi axborot-resurs markazi bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.