Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi va “yo‘l xaritasi” imzolandi.
Tadbirda ushbu hamkorlik ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, hozirgi zamon talablari va jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan o‘quv rejalari, dasturlari hamda o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani ta’kidlandi.
Tomonlar hamkorlik doirasida ta’lim sifatini oshirish, yoshlar tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, dolzarb masalalarga bag‘ishlangan konferensiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etish rejalashtirilganini qayd etdi.
Shu bilan birga, yetakchilik, notiqlik mahorati va loyiha boshqaruvi bo‘yicha onlayn o‘quv kursini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Kelgusida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida markazning “Kelajak yaratuvchilar” loyihasi doirasida ham qator tadbirlar amalga oshiriladi.
Yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish va virtual makonda xavfsiz ta’lim muhitini yaratish maqsadida kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha onlayn kurs tashkil etiladi.
N.Abduraimova, O‘zA