Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar tashabbuslariga keng imkoniyatlar
13:53 / 2026-03-05

Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shahrisabz davlat pedagogika institutida “O‘zmilliybank” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Bahodir Jalilov ishtirokida tadbirkorlik faoliyatiga qiziquvchi talaba yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. O‘tgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida 6 ming nafardan ortiq bitiruvchi yosh tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilgan va ularga 378 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shuningdek, respublika bo‘ylab o‘tkazilgan “Talaba Expo – 2025” kasb ko‘rgazmalarida 170 mingdan ortiq bitiruvchi talabalar ishtirok etgan bo‘lib, 3 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashgan. Natijada 18 mingdan ortiq bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirilgan.

Qashqadaryo viloyati misolida ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida muayyan natijalarga erishilmoqda. 2025-2026-yillar davomida o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan bitiruvchilarga 30 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu orqali 392 nafar bitiruvchining bandligi ta’minlanib, 502 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Shahrisabz davlat pedagogika instituti talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Nurbek Qudratovning ta’kidlashicha, institutda bitiruvchilar bilan muntazam uchrashuvlar, seminar va treninglar o‘tkazilib kelinmoqda.

– O‘tgan yili institutimizni 2024 nafar talaba bitirgan bo‘lsa, bu yil 2549 nafar bitiruvchi bor, – deydi u. – O‘tgan yilgi bitiruvchilarning qariyb 88 foizi ish bilan ta’minlangan. Joriy yil bitiruvchilarining yarmidan ortig‘i esa hozirning o‘zidayoq rasmiy ish joyiga ega. Bu natijalarda “Kelajakka qadam” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning ham salmoqli hissasi bor. Institut bitiruvchilari ishtirokida amalga oshirilgan 23 ta loyiha doirasida 4 milliard 832 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan va natijada 38 nafar bitiruvchi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Muloqotda yosh tadbirkorlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi Mardon Abdullayev imtiyozli kreditdan foydalanib, qurilish sohasida metall mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etganini ma’lum qildi.

– Milliy bankdan 2 milliard 600 million so‘m kredit olib, sim, setka va boshqa metall mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonani ishga tushirdik, – deydi Mardon Abdullayev. – Hozirda 10 ta yangi ish o‘rni yaratganmiz. Ularning uch nafari o‘zim tengi bitiruvchilar. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz.

Nodavlat ta’lim muassasasi rahbari Ilyos Nagmatov ham uchrashuv yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.

– Biz “Avitsenna” bolalar maktabida hozirga qadar 4 nafar bitiruvchi yoshni ishga qabul qildik, – deydi Ilyos. – Bugungi seminar natijasida maktab faoliyatini kengaytirish uchun 1 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratish bo‘yicha amaliy yordam so‘radik. Bu loyiha amalga oshsa, yana 10 nafar yoshni ish bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.

[gallery-27978]

Shuningdek, Shahrisabz davlat pedagogika instituti bitiruvchisi Farizoda Tosheva “Kelajakka qadam” dasturi doirasida olingan kredit hisobiga talabalar uchun barpo qilgan uy mehmonxonasini jihozlashda foydalanganini mamnuniyat bilan ta’kidlaydi.

– “Regina hamkor” MCHJ uy mehmonxonasini tashkil qilgandik, – deydi Farizoda. – Uy mehmonxonamiz yotoqxona ko‘rinishida bo‘lib, 80 o‘ringa mo‘ljallangan. Asosan talabalarga xizmat ko‘rsatiladi. Barcha qulayliklar yaratilgan. Olingan kredit hisobidan mehmonxonamizni jihozladik. Loyihani amaliyotga tatbiq etish orqali 5 ta ish o‘rni yaratdik. Faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida imtiyozli kreditlardan foydalanish niyatimiz bor.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidagi 9 ta oliy ta’lim muassasasida 22 ming 598 nafar bitiruvchi yosh tahsil olmoqda. “O‘zmilliybank” AJ tomonidan bitiruvchi yoshlar uchun 2026-yilda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida viloyat bo‘yicha 82 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan.

Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi. Ta’kidlanishicha, bunday uchrashuvlar yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yakunda “O‘zmilliybank” AJ ning ishonchli mijoziga aylangan va bugungi kunda o‘z tadbirkorligini faol yo‘lga qo‘ygan bir guruh yoshlar bank rahbariyatining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari