So‘nggi yillarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu jihatdan, sohalar rahbarlari bilan yoshlar o‘rtasida tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar yosh mutaxassislarning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni soha rivojiga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday muloqotlardan biri “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida bo‘lib o‘tdi. Unda Qurilish materiallari sohasida faoliyat yuritayotgan tashabbuskor yoshlar qatnashdi.
Uchrashuv avvalida uyushma boshqaruvi raisi Ilyos Rahimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bu jarayonda yosh mutaxassislarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, sohada mavjud muammolar, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish masalalarida yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
–Bugun qurilish materiallari sanoati iqtisodiyotimizda strategik ahamiyatga ega sohalardan biri hisoblanadi. Uni rivojlantirishda bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlar hal qiluvchi kuchdir. Yoshlardan kelayotgan har bir taklif biz uchun qimmatli, chunki aynan sizlar sohaning kelajagini belgilaysiz, – deya ta’kidladi Ilyos Rahimov.
Shundan so‘ng rahbar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida yoshlarni qiziqtirgan ishga joylashish, malaka oshirish, yangi loyihalarda ishtirok etish, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga oid savollar o‘rtaga tashlandi. Mutaxassislar tomonidan barcha savollarga atroflicha va asosli javoblar berildi.
Yoshlar tomonidan sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy takliflar ilgari surildi va ular rahbariyat tomonidan tinglandi.
Uchrashuv yakunida Ilyos Rahimov bunday ochiq muloqotlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etar ekan, har oyda kamida bir marotaba rahbar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilishini ma’lum qildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA