Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar tashabbuslari ishlab chiqarish taraqqiyotiga xizmat qilmoqda
15:26 / 2025-12-26

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtiroki, ularning tashabbuskorligi va yangicha yondashuvlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, yirik ishlab chiqarish korxonalarida yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilyapti.

Shunga asosan “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv ham yoshlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni amalda namoyon etdi.

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida o‘tkazilgan mazkur muloqot tadbirida jamiyat tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar, ishchi-xodimlar hamda rahbariyat vakillari ishtirok etdi. 

Mas’ullarning ta’kidlashicha, yoshlarning qiziqish va tashabbuslarini o‘rganish, ular duch kelayotgan muammolarni atroflicha muhokama qilish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida ularning faolligini oshirishga qaratilgan aniq takliflarni shakllantirish ustuvor vazifa. Shu sababli, ushbu tadbir aynan shu maqsadlar ijrosiga qaratildi.

Tadbir davomida “O‘zbekneftgaz” AJda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, ayni paytda jamiyat tizimida 5042 nafar yosh ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ulardan 60 nafari rahbar va o‘rta bo‘g‘in rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurityapti. Shuningdek, 2458 nafar yoshlar sport sohasida faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Uchrashuv jarayonida tashabbuskor, faol va iqtidorli yoshlar o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashib, korxonalarda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni sarhisob qilishdi. Yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, shaxsiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot yakunida kadrlar salohiyatini oshirish, ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash, yoshlarni kasbga yo‘naltirish ishlarini kuchaytirish hamda innovatsion g‘oyalar va korporativ yechimlarni ishlab chiqish jarayonlariga yoshlarni faol jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Mas’ul rahbarlarga ushbu yo‘nalishlarda tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA