Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar tashabbusi – bandlik va taraqqiyot omili
18:11 / 2026-02-19

Yurtimizda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hududlarda o‘z samarasini bermoqda.

Buning yaqqol isboti sifatida Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan tashabbuskor yoshlar misolida amaliy natijalarni ko‘rish mumkin.

Jumladan, G‘uzor tumanining Xo‘jaguzar mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Bekzod Sayfullayev mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi asosida imtiyozli kredit olib, metalga ishlov berish va darvoza yasash yo‘nalishida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Qisqa vaqt ichida u 4 nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minlab, ularning daromad manbaiga aylanishiga hissa qo‘shdi.

– Imkoniyat berilsa, yoshlar harakat qiladi. Harakat esa albatta natija beradi, – deydi tadbirkor.

Shu kabi yana bir ijobiy tajriba Kitob tumanida kuzatilmoqda. Tumanning Mustaqillik mahallasida istiqomat qiluvchi 24 yoshli Bekzod Solijonov imtiyozli kredit asosida qurilish mollari savdosi faoliyatini kengaytirib, bugungi kunda 5 nafar yoshni ish bilan ta’minlamoqda. U ishchi-xodimlariga 7 milliondan 12 million so‘mgacha oylik maosh to‘lab, Kitob va Shahrisabz tumanlaridagi 20 dan ortiq mebel ustalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

[gallery-27750]

– Qurilish mollari va mebellarga aksessuarlar sotish bilan shug‘ullanamiz, – deydi u. – Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida mahalladagi yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 1,5 milliard so‘m kredit oldik va mebel sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Sexda mebel xomashyosidan tortib, yig‘ishgacha bo‘lgan jarayon amalga oshiriladi. 

Yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi islohotlar samarasi viloyatning Ko‘kdala tumanida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, tumanning Oltindala mahallasida yashovchi Botir Abdusalomov “Yettitom suvi” brendi ostida oyiga 10 ming tonna toza ichimlik suvi ishlab chiqarib, 30 nafar yoshning bandligini ta’minlamoqda. Shuningdek, tadbirkor non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yib, ichki bozorga sifatli mahsulot yetkazib bermoqda.

Yoshlar tadbirkorligida xotin-qizlarning o‘rni ham ortib bormoqda. Qamashi tumanining Quyi Yangi mahallasida yashovchi 22 yoshli Aziza Uralova imtiyozli kredit asosida yumshoq o‘yinchoqlar ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda u 6 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlab, oyiga o‘rtacha 10 million so‘m sof foyda ko‘rmoqda.

– “Toy bola” zavodi bilan hamkorlikda ishlab kelyapmiz, – deydi Aziza. – Qo‘g‘irchoq yasash hunarini vodiylik ustozlardan o‘rganganman. Mana ikki yildan buyon shug‘ullanyapman. Faoliyatimni kengaytirish uchun viloyat hokimiga murojaat qilgandim. Yoshlar agentligi tavsiyasi bilan imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ evaziga asosan xomashyo va uskunalar xarid qildim. Hozirda kuniga 84 ta, oyiga 2,5 ming dona o‘yinchoq ishlab chiqaryapmiz. Kelajakda maqsadlar katta. 

Shuningdek, qarshilik yosh tadbirkor Javlon Lutfullayev ham ta’lim sohasidagi tashabbuslari bilan e’tiborga sazovor. “Bolalar akademiyasi” asoschisi sifatida u imtiyozli kredit yordamida o‘z faoliyatini kengaytirib, 50 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Hozirda u rahbarlik qilayotgan ikki xususiy maktabda 300 nafar o‘quvchi zamonaviy shart-sharoitlarda tahsil olmoqda.

Umuman olganda, qaror doirasida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar amaliy natijalar bilan o‘z tasdig‘ini topmoqda. Bu esa bilim, mehnat va tashabbus uyg‘unlashgan joyda barqaror taraqqiyot ta’minlanishini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yosh tadbirkorlar faoliyati nafaqat ularning shaxsiy farovonligini oshirish, balki hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda. Yaratilgan har bir ish o‘rni – yangi oila daromadi, har bir ishga tushgan loyiha – mahalladagi ijtimoiy muhitning sog‘lomlashuvi demakdir.

Amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, ularni kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bunday misollar boshqa yoshlar uchun ham o‘rnak bo‘lib, ularni faollikka, mustaqil harakat qilishga undamoqda.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, imtiyozli moliyaviy mexanizmlar, mahalla tizimi va tegishli tashkilotlar hamkorligida yo‘lga qo‘yilayotgan qo‘llab-quvvatlash tizimi yoshlar g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishda samarali maydon yaratmoqda. Bu esa kelgusida yangi ishlab chiqarish quvvatlari, xizmat ko‘rsatish sohalari va innovatsion loyihalar soni yanada oshishiga zamin yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan qashqadaryolik yoshlar misolida “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” degan g‘oya amalda o‘z ifodasini topmoqda. Bilim, mehnat va tashabbus uyg‘unlashgan joyda esa, albatta, barqaror taraqqiyot ta’minlanadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari