O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan faol yoshlar Xo‘jayli tumanidagi “Mizdakxon” tarixiy majmuasiga sayohat tashkil qilindi.
Mamlakatimizda keyingi yillari barcha sohalar singari turizmni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda yoshlar turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat mavjud. Ma’lumot o‘rnida: Mizdakxon – Govur qal’a va Mazlumxon suluv tarixiy obidalarini o‘z ichiga olgan majmuaning atamasi. Ilmiy izlanishlarda Govur qal’a eramizdan avvalgi 1 ming yillikning o‘rtalaridan eramizning XI asriga qadar Mizdakxon deb atalib kelinganligi haqida yoziladi.
Mazlumxon suluv – Mizdakxon majmuasidagi XIII asrlarda bunyod etilgan tarixiy yodgorlik. Yodgorlik ichiga turmushga chiqmasdan dunyodan o‘tgan bir qizning dafn etilgani aniqlangan. Uning qabri ustidagi toshlarga falsafiy mazmundagi qo‘shiqlar bitilgan. Keyingi yillarda xalq orasidagi shu afsonalar asosida qoraqalpoq adabiyotida she’riy drama yaratildi. Yoshlar tarixiy maskandagi “Mazlumxon suluv”, “Govur qal’a” , “Jo‘mard qassob”, “Xalfa Rajab”, “Shamun Nabiy” kabi tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdi.
Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlar ma’naviyati va salohiyatini rivojlantirish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarni Vatanga muhabbat, xalqimizning boy madaniy merosiga hurmat ruhida tarbiyalash va o‘rganishni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan sayohat yoshlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Qolaversa, ularni tariximizni chuqur bilishga va bugungi tinch-osuda, farovon hayotimizning qadriga yetishga undaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri