Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 10 ta oliy o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularda 36 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.
Sohada rivojlangan davlatlardagi nufuzli universitetlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalari kengaydi hamda Koreya xalqaro universiteti, Latviyaning axborot tizimlari menejmenti oliy maktabining Farg‘ona filiali, Qo‘qon universiteti tashkil etildi. Hozirda bu maskanlarda o‘quv jarayoni an’anaviy ta’lim shaklida davom etmoqda.
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari ishtirok etdi. Uning doirasida xalqaro talabalar kuni ham keng nishonlandi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Hakimov, O‘zbekiston xalq artisti M.Yo‘lchiyeva, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari F.Qosimov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar kamoloti va ta’lim-tarbiyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. Yangi O‘zbekistonda yoshlar taraqqiyotning yetakchi kuchi ekanligi qayd etildi.
– Talabalik – inson hayotining oltin davri, deydilar, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Risolatxon Mamajonova. – Chunki shu pallada olingan bilim, egallangan marra kishining umr yo‘lini belgilaydi. Viloyatdagi yoshlar yetuk mutaxassis bo‘lishlari uchun astoydil bilim olmoqda. Ularning orasida ibrat bo‘ladigan faol yoshlar ko‘p. bugungi anjumanda bu alohida e’tirof etildi.
San’atkorlarning vatan, yoshlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlari kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
M.SULAYMONOV, O‘zA