English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar ta’limi, kasbiy tayyorgarligi va imkoniyatlar tengligi e’tiborda
11:26 / 2025-07-15

15 iyul – Butunjahon yoshlar ko‘nikmalari kuni

Xalqimizda daraxt ekib, bog‘ yaratish, ulug‘ amal sifatida qadrlanadi. Daraxt, bu – kelajakka umid timsoli. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, kelajagiga zamin yaratish esa, jamiyat bog‘ini yaratish bilan barobardir.

Yurtimizda ham yoshlarning avvalo el koriga yarashi, jahon maydonlarida o‘zining munosib ilmi bilan tura olishi uchun imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. Buning uchun ularning zamonaviy ko‘nikmalar bilan mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega chiqishi davr talabidir. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish, chet tillarini bilish darajasini ko‘tarish va tadbirkorlik salohiyatini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu choralar xalqaro darajada tan olinayotgan “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish va inklyuziv rivojlanish kabi tendensiyalarga mos keladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2014 yilda yoshlarga munosib ish va tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rgatishning dolzarb ahamiyatini e’tirof etgan holda, 15 iyul sanasini – Butunjahon yoshlar ko‘nikmalari kuni sifatida belgiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning zamonaviy mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, raqobatbardosh ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va barqaror rivojlanish jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashdan iborat. Dunyo hamjamiyati tomonidan bu sanani nishonlash orqali yoshlar ta’limi, kasbiy tayyorgarligi va imkoniyatlar tengligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratiladi.

Shu ma’noda 15 iyul – Butunjahon yoshlar ko‘nikmalari kuni nafaqat global mulohazalarga chorlovchi sana, balki yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarni aks ettiruvchi ko‘zgudir.

Abdulaziz RUSTAMOV,  

O‘zA