O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni moliyalashtirish tartibini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq: Ўзбекистон Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan biznes loyihalarni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
“Yoshlar ventures” venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, 2025 yil yakuniga qadar yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha elektron platforma ishlab chiqiladi. Vazirlik va idoralarning tegishli ma’lumotlar bazalari, shu jumladan, avtomatlashtirilgan skoring tizimi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Agentlikning so‘roviga asosan elektron platformaga belgilangan tartibda integratsiya qilinadi.
Malumot uchun. Oldinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi PQ-60-son qaroriga muvofiq Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida Yoshlar ishlari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilgan edi.
O‘zA