Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar tadbirkorligi – taraqqiyotning mustahkam poydevori
13:14 / 2026-03-05

Joriy yilning 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqoti navqiron avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida yangi strategik vazifalarni belgilab bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash, yoshlarning bank-moliya sohasidagi bilimlarini oshirish hamda ularning istiqbolli biznes loyihalariga qanot berish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universitetida “O‘zmilliybank” AJ rahbariyatining viloyat yoshlari bilan yuzma-yuz muloqoti tashkil etildi. Viloyatdagi 13 ta oliy ta’lim muassasasining 5 ming nafardan ziyod bitiruvchi talabalarini oflayn va onlayn tarzda birlashtirgan mazkur tadbirda yoshlar bandligini ta’minlash, startap g‘oyalarni rag‘batlantirish va imtiyozli kreditlashning yangi mexanizmlari qizg‘in muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bitiruvchisi Mansurxon Ubaydullayev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, tizimdagi ijobiy o‘zgarishlarni alohida qayd etdi:

 –Bugungi ochiq muloqot biz uchun haqiqiy imkoniyatlar eshigini ochdi, – dedi Mansurxon Ubaydullayev.  – Ilgari o‘z biznesimizni boshlash uchun mablag‘ va tajriba yetishmovchiligidan cho‘chir edik. “O‘zmilliybank” AJ rahbariyati bilan bo‘lgan suhbatda yoshlar tadbirkorligi uchun berilayotgan imtiyozlar, ayniqsa, garov ta’minoti va past foizli kreditlar bo‘yicha batafsil ma’lumot oldim. Bu nafaqat moliyaviy ko‘mak, balki biz kabi yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonch ifodasidir. Endilikda o‘z loyihamni jamiyatga naf keltiradigan biznesga aylantirishga qat’iy qaror qildim.

Ta’kidlash joizki, uchrashuv quruq hisobotlardan yiroq holda, amaliy takliflar va loyihalar taqdimotiga boy bo‘ldi. Samarqandlik bitiruvchi yoshlar tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlariga oid 32 ta asoslantirilgan amaliy taklif ilgari surildi. Xususan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishning noyob instrumenti sifatida e’tirof etilayotgan “Talaba invest” kredit mahsuloti bo‘yicha jami 21 milliard so‘mlik 8 ta yirik loyiha hamda “Tadbirkorlikka ilk qadam” dasturi doirasida 2,4 milliard so‘mlik 120 ta kichik loyiha taqdim qilindi. Bank mutasaddilari har bir loyihani alohida ko‘rib chiqib, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha zarur tavsiya va yo‘llanmalarni berib o‘tishdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu kabi jonli muloqotlar davlat siyosatining markazida inson manfaatlari va yoshlar kelajagi turganini yana bir bor isbotlamoqda. Tijorat banklarining talabalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligi nafaqat yosh tadbirkorlar safini kengaytiradi, balki hududlar iqtisodiyotiga yangicha innovatsion ruh olib kiradi. Yoshlarning shijoati va bank sektorining moliyaviy ko‘magi uyg‘unlashgan bunday loyihalar mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti, iqtisodiy qudrati va farovonligini ta’minlashda eng muhim drayver bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

“O‘zmilliybank” AJ

Matbuot xizmati