Yoshlar tadbirkorligi: maqsad aniq, harakat qatʼiy boʻlsa...
Jamgʻarmaning “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi asosida aniq mashgʻulot, ish yoki oʻqish bilan band boʻlmagan yoshlardan 1 ming 638 nafari fermer xoʻjaliklariga biriktirildi.
Bundan ikki yil avval Prezidentimiz farmoni bilan yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni biznes bilan shugʻullanishga faol jalb etish uchun shart-sharoitlar, ish oʻrinlari yaratish va yigit-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tuzilgan edi.
Oʻtgan davr mobaynida mazkur jamgʻarmaning viloyat, shahar va tuman filiallari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlarni kichik biznesga yoʻnaltirish va ularning loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, oʻzining ishbilarmonligi va zukkoligi bilan ajralib turgan yosh tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirishga yaqindan koʻmaklashish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-iyundagi farmonida tijorat banklari orqali yigit-qizlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun 2019-yil 31-dekabrga qadar yillik 7 foizda, 2020-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida kredit va mol-mulkni lizingga berish rejalashtirilgan edi.
– “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturiga muvofiq yosh tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi 459 ta biznes loyihasiga 137 milliard 655 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 2 ming 540 ta yangi ish oʻrni yaratish imkoniyati yaratil, – deydi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi viloyat koordinatori, Namangan shahar filiali rahbari I. Qutfiddinov. – Kredit koʻmagida faoliyatini yoʻlga qoʻygan yosh tadbirkorlar tomonidan 2 million 100 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Jamgʻarma mablagʻlarini manzilli yoʻnaltirish maqsadida viloyatdagi mavjud mahallalar kesimida deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda “Fidoyi yoshlar” otryadlari vakillaridan iborat 805 ta ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan uyma-uy yurish, yoshlar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish, ularning muammo va qiziqishlari oʻrganildi. 769 mahalladagi 492 mingga yaqin xonadonga kirib, 14 dan 30 yoshgacha boʻlgan 767 ming 563 nafar yoshlar bilan anketalar toʻldirish orqali ikki mingdan ziyod muammo roʻyxatga olindi.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan 452 oʻgʻil-qizga huquqiy-iqtisodiy maslahatlar berildi, biznes rejalari ishlab chiqildi. 1 ming 545 nafar yoshlar tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi, 285 nafari esa kasanachilik faoliyatiga jalb etildi. Joylarda qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida 130 tadan koʻproq tikuv mashinalari olib berildi. 100 nafardan ziyod yoshlarga baliqchilik, bogʻdorchilik faoliyatini tashkil etish va savdo shoxobchasi barpo etish uchun 16,56 gektar yer maydoni hamda yigirmaga yaqin yosh tadbirkorga foydalanilmay turgan boʻsh bino va yer maydonlari ajratildi.
Namangan shahri, Norin, Pop, Namangan, Chortoq va Uchqoʻrgʻon tumanlarida 11 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi, Mingbuloq va Norin tumanlarida 2 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazi barpo etilib, ularda goʻzallik saloni, “Book cafe”, sartaroshxona, tikuvchilik sexi, savdo doʻkoni kabi xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yuzlab yoshlar ish bilan taʼminlandi.
Jamgʻarmaning “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi asosida aniq mashgʻulot, ish yoki oʻqish bilan band boʻlmagan yoshlardan 1 ming 638 nafari fermer xoʻjaliklariga biriktirildi. Birinchi ekindan boʻshagan maydonlardan bir gektargacha yer ajratib berildi.
Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda chet el va yurtimizda kichik biznes sohasida yuqori malakaga ega biznes trenerlar, yirik kompaniyalar asoschilari boʻlgan mutaxassislarni jalb etgan holda muntazam bepul biznes oʻquvlari tashkil etildi. Jumladan, Ozarbayjonning "GRBS Global” MCHJ, “BQ Corporation” YOAJ direktori va “International Business School” universiteti rektori Baxram Gurbanov, xalqaro biznes treneri Murat Aʼzamov, Xitoyning yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari ishtirokida mahalliy tadbirkorlarni oʻqitish va chet eldagi biznes vakillari bilan oʻzaro tajriba almashinuvini tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida uchrashuvlar hamda xalqaro biznes forumlari oʻtkazildi.
Shu oʻrinda shunday treninglarda olgan nazariy bilimlari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tomonidan berilgan imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan, yosh ishbilarmonlarning soʻzlariga eʼtibor qaratamiz:
Islombek KARIMBOYEV, Namangan tumanidagi “Himoya toʼrlari” xususiy korxonasi rahbari:
– Toʻqqiz yillik tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim joizki, har kim oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, astoydil intilsa, qiyinchiliklarga duch kelganda chekinmay olgʻa qadam bosaversa, halol va sifatli ishlasa, albatta uning kelajagi porloq boʻladi.
Faoliyatimiz bugungacha stadionlar qurishdan iborat edi. Barcha kerakli jihozlarni xorijdan keltirishga majbur boʻlardik. 500 million soʻm kredit ajratilgach sunʼiy qoplamali oʻyingoh, mini stadion, bolalar maydonchalariga moʻljallangan chimlarni ishlab chiqaruvchi uskuna olib kelib oʻrnatdik. Oʻzbekistonda shu paytgacha faqatgina Samarqandda yoʻlga qoʻyilgan bunday mahsulotni endi oʻzimiz ishlab chiqarmoqdamiz. Qolaversa, oʻndan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga foyda keltiradigan shu kabi loyihalar, gʻoyalar bizda juda koʻp. Faqat ularni amalga oshirish uchun mablagʻ yetishmasdi. “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tashkil etilganidan keyin esa koʻplab tengdoshlarimiz oʻz gʻoyalarini hayotga tatbiq etib kelmoqda.
Sardor MINGBOYEV, Chortoq tumanidagi “Chortoq-Kabel” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari:
– Shu yil boshida Koroskon qishlogʻidagi boʻsh turgan yerda oʻz biznesimni boshlash maqsadida kredit olish uchun bir necha banklarga murojaat qildim, lekin ularning yillik foiz stavkasi juda yuqori edi. Doʻstlarimdan “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi faoliyati haqida xabar topib, ularga biznes rejamni maʼlum qildim.
Erkaklar kostyum-shimlarini ishlab chiqarish niyatida jamgʻarmadan 300 million soʻm kredit olib, Xitoydan zamonaviy tikuv dastgohlarini olib keldim. Kollej, litsey va maktablarni tamomlagan 15 nafar tengdoshlarimni yonimga oldim. Bozorda munosib raqobatlasha oladigan, eksportbop erkaklar kiyimlarini ishlab chiqarib yangi ish oʻrinlarini yuztaga yetkazish rejam bor. Kelgusida faoliyatimni kengaytirib, mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozorda sotish, balki xorijga eksport qilmoqchiman.
Abdulquddus JALOLIDDINOV, Namangan shahridagi “Testil sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari:
– Korxonamizda maxsus arqon ishlab chiqariladi. Undan ayollar sumkasi, erkaklar shimi, turli aksesuarlar tayyorlashda foydalaniladi. Jamgʻarma koʻmagida 450 million soʻm kredit olib, bu turdagi arqon chiqaruvchi dastgohga buyurtma berdim. Bunday uskuna viloyatimiz boʻyicha faqatgina bizning korxonada mavjud. Shu boisdan ham mahsulotlarimizga talab yuqori.
Ayni paytda yigirmadan ortiq ishchi-xodimimiz bor. Ularning sonini yana koʻpaytirmoqchimiz. Tadbirkorlik qilishda ikkilanmay, yutqazishdan qoʻrqmay, ortimizda bizni qoʻllovchi Prezidentimiz borligiga ishonib, harakatni boshlayverish lozimligini 8 yillik faoliyatim davomida chuqur anglab yetdim.
“Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi faoliyati yosh, iqtidorli, innovatsion gʻoyalarga intiluvchan yoshlarning orzu intilishlarini, reja va maqsadlarini roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.