English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar tadbirkorligi – mamlakatimiz iqtisodiy rivojining drayveri
19:37 / 2024-01-06

Yangi yil oqshomida hammaning nigohi va diqqat e’tibori Prezidentimiz yangi yil tabrigiga qaratildi. Yurtboshimiz yil yakunlarini sarhisob qilib, erishgan yutuqlarimizni qisqa va lo‘nda, sodda qilib bayon etdi. Nihoyat, biz orziqib kutayotgan yil nomini va u bilan bog‘liq masalalarni ko‘rsatib berdi. 2024 yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilindi.

Bu, bejiz emas. Prezidentimiz yoshlar kelajagimiz ekanini doimo ta’kidlab keladi va bunda har doim yoshlar tadbirkorligini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor beradi. 2021 yil 30 iyunda O‘zbekiston yoshlari forumida qilgan ma’ruzasida yoshlar tadbirkorligi ham sifat, ham miqdor jihatdan o‘sib borayotgani ta’kidlangan edi.  

Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun Prezidentimiz tomonidan qator qaror va farmonlar chiqarildi. Bu esa  yoshlar tadbirkorligining iqtisodiy rivojlanishida muhim omil bo‘layotir.  

O‘rta mulkdorlar qatlamida yosh mulkdor tadbirkorlar segmenti shakllandi va muhim o‘rin egallamoqda. Agar yosh tadbirkor-mulkdorlar ijtimoiy portretini, chizgilarini shakllantiradigan bo‘lsak, birinchi galda ularda yoshlarga xos shijoat, jo‘shqinlik, qat’iyat, dadillik, kreativ yondashuv asosida yangilikka o‘chlik, yangi g‘oyalar, ilg‘or usullar, texnologiyalarni birdaniga anglab yetish va qabul qilish xislatlarini qayd etish lozim. O‘rta avlodga nisbatan olganda yosh avlod tadbirkorlari tavakkalchilik darajasi yuqoriligi, tavakkalchilik xavf-xatarlarini mutlaqlashtirmaslik va ularni odatdagi holat sifatida qabul qilishga moyillik yaqqol namoyon bo‘ladi.  

Yosh biznes mulkdorlarda byurokratiya, korrupsiya va har xil suiiste’molliklarga nisbatan toqatsizlik, murosasizlik darajasi yuqori ekanligini qayd etish lozim. Bu esa ijtimoiy xayotda ham, biznes faoliyatda ham konfliktlar ya’ni nizolar, ziddiyatlarning vujudga kelish ehtimolini oshiradi. Yoshlarga xos maksimalizm, yon berishlarga, murosaga bormaslik, o‘z nuqtai-nazarini o‘zgartirmaslik asosida ba’zan prinsipiallik, ba’zi hollarda o‘jarlik ham yotishi mumkin. Biroq xar qanday holatda ham yoshlar biznesi taraqqiyotning o‘ziga xos drayveri bo‘lib qoladi.  

“O‘zbekiston-2030" strategiyasida ham yoshlarga oid davlat siyosati belgilab qo‘yilgan. Bunda yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash uchun xar bir viloyatda bittadan kreativ parklar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish, yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada kompyuter dasturlari eksportini oshirish, jumladan, maktab o‘quvchilarini xalqaro IT bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘qitish, 1 million dasturchi loyihasini kengaytirish va har yili 15 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni nufuzli xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash vazifalari belgilangan.  

Binobarin, Prezidentimiz tomonidan 2024 yilni “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani puxta o‘ylangan, davlatning rivojlanish strategiyasi asoslari bilan uzviy bog‘liq. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, kun tartibida turgan muhim masala yoshlar biznesini siyosiy, huquqiy, iqtisodiy tashkiliy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish hisoblanadi.  

Bunda yoshlar biznesining huquqiy kafolatlarini belgilab qo‘yish, yoshlar tadbirkorligini iqtisodiy jihatdan, shu jumladan, resurslar va ayniqsa, kreditlar bilan ta’minlash bo‘yicha tizim yaratish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy mexanizmlarini ishlab chiqish talab etiladi. Yosh tadbirkorlarni yetishtiruvchi biznes inkubatorlarni ko‘paytirish, yoshlar ishtirok etgan startap loyilarga alohida e’tibor qaratish va moliyalashtirish, yoshlarning IT parklarda faoliyat yuritishi va xorijiy mamlakatlarga dasturiy mahsulotlarni eksport qilishini rag‘batlantirish choralarini belgilash lozim.  

Hasan Okyulov  

Toshkent moliya instituti o‘qituvchisi.