Sirdaryo viloyatida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga chiqmoqda.
Shu maqsadda Guliston shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalariga tayyorgarlik va seleksiya ishlarini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat sport boshqarmasiga qarashli tuman va shahar sport maktablarida ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlariga mas’ul direktor o‘rinbosarlari ishtirok etishdi. Seminar davomida hududlarda o‘tkazilayotgan sport musobaqalarini samarali tashkil etish, ularning mazmun-mohiyatini boyitish va ishtirokchilar sonini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini qabul qilish tartibi va ularning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi ahamiyati atroflicha muhokama qilindi. Tadbirda ishtirokchilarga ommaviy sportni rivojlantirish, aholini muntazam sport mashg‘ulotlariga jalb etish va tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha aniq amaliy tavsiyalar berildi.

– O‘quv-seminar davomida ommaviy sportni rivojlantirish, aholini muntazam sport mashg‘ulotlariga jalb etish hamda sport tadbirlarini tizimli tashkil etishga qaratilgan aniq amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi, – deydi Sirdaryo viloyat sport boshqarmasining Ommaviy va etno sport turlarini rivojlantirish hamda sport normativlarini o‘tkazish sho‘basi boshlig‘i Qosim Niyozov. – Eng muhimi, sport musobaqalari orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni sport maktablariga yo‘naltirish va seleksiya ishlarini sifatli yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.

Seminarda tashkilot va idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish, mahallalar, mehnat jamoalari va yoshlarni sportga keng jalb etish, jismoniy faollikni kundalik hayot tarziga aylantirish masalalari yuzasidan ham qator taklif va mulohazalar bildirildi. Yakunda ishtirokchilar hududlardagi tajriba, uchrayotgan muammolar va ularning samarali yechimlari yuzasidan fikr almashib, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri