Toshkent viloyati hokimiga yoshlarga oid davlat siyosati doirasida o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2026 yilda belgilangan ustuvor vazifalar bo‘yicha batafsil taqdimot o‘tkazdi.
Unda ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyatda 732 ming 617 nafar yoshlar istiqomat qiladi. Ularni ijtimoiy holatiga ko‘ra tahlil qilish natijasida asosiy qismi “yashil” toifaga mansub ekani, shu bilan birga “sariq” va “qizil” toifadagi yoshlar bilan ham manzilli ish olib borilayotgani qayd etildi.
2025 yil davomida “Yoshlar daftari” platformasi orqali 6 ming 173 nafar yoshga 18,3 milliard so‘m miqdorida moddiy va ijtimoiy ko‘maklar ko‘rsatildi. Jumladan, yoshlarning shartnoma to‘lovlari, davolanish xarajatlari qoplandi, safarbarlik chaqiruvi rezervi to‘lovlari amalga oshirildi hamda minglab yigit-qizlarning bandligi ta’minlandi.

Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida bir milliondan ortiq yoshlar qamrab olindi. Respublika bosqichlarida viloyat yoshlari tomonidan 27 ta medal qo‘lga kiritildi. Shuningdek, so‘nggi uch yilda mahallalarda 70 ta zamonaviy sport maydonchalari barpo etildi.
Shu bilan birga, bandlikni ta’minlash yo‘nalishida ishlab chiqilgan “Yoshlar bandlik dasturi” doirasida 29 ming nafardan ziyod yoshlar qamrab olinib, dastur ijrosi 89 foizga yetkazildi. Minglab yoshlar doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, kasb-hunarga o‘qitildi, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi va ta’limning keyingi bosqichlariga yo‘naltirildi.
Shuningdek, “og‘ir” toifadagi ishsiz yoshlar bilan manzilli ishlash, otaliqqa olingan yoshlarni ijtimoiylashtirish, migratsiyadagi yoshlarni Vatanga qaytarish va ularning bandligini ta’minlash borasida samarali natijalarga erishildi. Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygani aytildi.
Taqdimotda 2026 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ham aniq rejalar asosida ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, joriy yilda yoshlar bilan ishlashda ustuvor vazifalar sifatida huquq-tartibot va mudofaa organlari hamda mahalliy hokimliklar tomonidan otaliqqa olingan 1 ming 907 nafar huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan amalga oshirilgan ishlar tahlili chuqurlashtiriladi. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan Quyi Chirchiq, Bekobod tumanlari va Ohangaron shahrida vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, xatlov natijasida aniqlangan ishsiz yoshlarni tashkilot rahbarlariga biriktirish orqali ularning bandligi qat’iy nazoratga olinadi. Dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga 1 ming 613 gektar yer maydonlari ajratish, “2+6” dasturi doirasida yoshlarni chet tillarga o‘qitish uchun subsidiyalar berish rejalashtirilgan.
Yoshlarni zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitish maqsadida “Qizlar akademiyasi”, “Ustoz AI” va “Ibrat farzandlari” mega loyihalari orqali 100 mingdan ortiq yoshlar qamrab olinadi. Shu bilan birga, 1500 nafar yoshni kasb va chet tillarga o‘qitish orqali tartibli mehnat migratsiyasiga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik qilishni istaganlarga Prezidentimizning tegishli qarori asosida imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Tadbir yakunida viloyat hokimi yoshlar bilan ishlashda har bir hudud, har bir mahalla kesimida manzilli yondashuvni kuchaytirish, natijadorlik va shaxsiy mas’uliyatni oshirish zarurligini ta’kidlab, bir qancha yo‘nalishlarda o‘z takliflarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.