bugungi kunda yoshlar muammolari bevosita mahallalarda hal etilib, ularning murojaatlari 5 kun ichida ko‘rib chiqilmoqda. Mahallalardagi yoshlar yetakchilarining tavsiyasi asosida yigit-qizlarga 25 turdan ortiq yordam ko‘rsatilmoqda.
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va bandligini ta’minlash maqsadida 14-30 yoshdagi 9 million nafar yoshning balansi shakllantirilgan.
– Yaqinda Prezidentimiz raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda bu boradagi ishlarni davom ettirib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi, – deydi A.Ikromov. – O‘tgan yili «Besh tashabbus olimpiadasi»ga 8 milliondan ortiq yosh jalb qilindi. 6 million 200 nafar yosh sport olimpiadalarining o‘zida shug‘ullandi va bu orqali juda katta motivatsion mexanizm paydo bo‘ldi. Yig‘ilishda davlatimiz rahbaridan «Besh tashabbus olimpiadasi» negizidagi kitobxonlik, «Zakovat» intellektual o‘yinlarini yanada qiziqarli o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar oldik. Bitiruvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan «Hayot maktabi» dasturini amalga oshirish tashabbusi bildirildi. Ular «mahalladan vazirlikkacha» tizimi orqali davlat idoralariga biriktirilishi belgilandi. Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Iqtidorli, salohiyatli, bilimli yoshlarning, har bir talabaning qiziqishlarini o‘rganish, ularga imkoniyatlarni yanada ko‘paytirib berish bo‘yicha yangicha yo‘nalishlar ishlab chiqilmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Ular bilan ishlaydigan, fikr-mulohazalarini eshitadigan yangicha tizim, yangicha yondashuv kerak. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari oliy ta’lim sohasidagi yoshlar bilan ko‘proq ishlash, shuningdek, mahallalardagi «Yoshlar balansi» orqali har bir yoshning istagi, xohishi va tashvishlarini aks ettiradigan tizim yaratishni aytib o‘tdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 560 milliard so‘mni yoshlar muammolarini yechish uchun subsidiya sifatida berdik. Shu orqali kasb-hunar va chet tillarini o‘rganaman degan yoki ijtimoiy ko‘mak so‘ragan yoshlarga yordam berish tizimi yaratildi. "1093" raqami orqali yoshlar xohlagan vaqtda onlayn murojaat qoldirishi mumkin bo‘ldi.
Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida har bir yosh mamlakatdagi islohotlarda o‘z taqdirini his eta olishi kerak.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA