Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlar siyosatida yangi mezon: Sharof Rashidov tumanining tajribasi
12:02 / 2025-11-21

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yoshlar siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar yuzasidan seminar o‘tkazildi. Unda tumanni yoshlar bilan ishlash sohasida namunaviy hududga aylantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar atroflicha tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbarining yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishga doir topshiriqlarining ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyida tumanda keng qamrovli o‘rganishlar o‘tkazilgan edi. Ushbu o‘rganishlar natijalari Jizzax politexnika institutidagi seminarda batafsil muhokama etildi.

Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev, hokim o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar rahbarlari, yoshlar siyosati uchun mas’ul mutasaddilar, huquq-tartibot idoralari rahbarlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Seminar avvalida institut talabalari tomonidan yaratilgan ixtirolar va tayyorlangan ko‘rgazmalar bilan tanishildi.  

Shundan so‘ng, regbi va strit-vorkaut bo‘yicha musobaqalar g‘olibi bo‘lgan Sharof Rashidov tumanining yoshlari tantanali ravishda taqdirlanishdi.  

Dastur davomida “Sharof Rashidov tumanini yoshlar siyosati sohasida namunaviy tumanga aylantirish borasida amalga oshirilgan ishlar” nomli videorolik namoyish etildi.

Seminarda so‘zga chiqqan Ulug‘bek Mustafoyev mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.  

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan ustuvor vazifalar – raqamli texnologiyalar va chet tillarini o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga amaliy yordamlar ko‘rsatish – hududlardagi taraqqiyotning hal qiluvchi mezoniga aylanib bormoqda.

Shu bilan birga, har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, yoshlar bilan ishlashning yangi vertikal tizimi amaliyotga tatbiq etilgani qayd etildi.  

Seminar yakunlari bo‘yicha davlat rahbarining topshiriqlarini to‘liq va nuqsonsiz bajarish maqsadida barcha shahar va tumanlarda o‘rganishlar o‘tkazish, amaliy yordamni kuchaytirishga doir aniq vazifalar belgilab berildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri