FOTOREPORTAJ
Mahallalardagi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy sport musobaqalarining Farg‘ona viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa va sport vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan musobaqada mahalla va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar 6 ta shart asosida o‘z iqtidor va jismoniy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazdi. Jumladan, ishtirokchilar turnikda tortilish, press mashqlari, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish, qisqa va uzoq masofaga yugurish, AK-74 avtomatini to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, merganlar bellashuvi shartlarida o‘zaro bellashdi.
[gallery-23940]
18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar orasida saralarning eng saralari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Furqat tumanidagi “Qo‘qonboy” mahalla jamoasi yoshlari musobaqada birinchi o‘rin va kubokni esa qo‘lga kiritdi. Buvayda tumanining “Bachqir” MFY yoshlari ikkinchi, So‘x tumanidagi “Lenbur” MFY yoshlari uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Shuningdek, turli nominatsiya g‘oliblarining imkoniyatlari e’tirof etilib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash tadbiri davomida harbiy ko‘rgazmali chiqishlar va ko‘ngilochar musiqiy dasturlar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Shuningdek, harbiy sohaga qiziqishi baland o‘g‘il-qizlar uchun shu kuni harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” doirasida harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA