Bugungi kunda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qancha samarali loyihalar olib borilmoqda.
UzChess ham agentlik tomonidan yoshlarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish, aqliy boyligini rag‘batlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan loyihalardan biri hisoblanadi. Ayni kunda mazkur loyihaning umumiy auditoriyasi 27 million nafardan oshdi. UzChess orqali yoshlarimiz shaxmatni bepul, tez va oson o‘rganishga erishmoqda.
– Shaxmat orqali yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, strategik fikrlash va tahliliy tafakkurni rivojlantirish maqsadida UzChess loyihasi izchil ravishda amalga oshirib kelinmoqda, – deydi loyiha rahbari Ulug‘bek Ismatov. – Loyiha doirasida yoshlar va keng jamoatchilik uchun shaxmatni bepul, tez va sodda uslubda o‘rganish, nufuzli xalqaro musobaqalarni jonli efirlarda kuzatish, shuningdek, yetakchi grossmeysterlardan mahorat sirlarini o‘zlashtirish imkoniyatlari yaratilgan.
Joriy yil yakunlariga ko‘ra, UzChess loyihasi raqamli platformalar orqali keng qamrovga ega bo‘lib, umumiy auditoriyasi 27 million nafardan ortiqni tashkil etdi.
Xususan, YouTube platformasida loyihaning obunachilari soni 150 ming nafardan oshib, yil boshiga nisbatan 75 foizdan ortiq o‘sish qayd etildi. Kanalda jami 2 ming 900 dan ziyod videokontent joylashtirilgan bo‘lib, ularning umumiy ko‘rishlar soni 97 millionga yetdi.
Shuningdek, 1 ming 100 dan ortiq jonli efir orqali xalqaro va milliy musobaqalar, tahliliy ko‘rsatuvlar hamda mahorat darslari namoyish etildi.

Instagram ijtimoiy tarmog‘ida UzChess sahifasining obunachilari soni 119 ming nafarga yetdi. Yil boshidagi ko‘rsatkichlar bilan solishtirilganda, ushbu platformada ham barqaror o‘sish kuzatilib, oylik faol auditoriya sezilarli darajada kengaydi.Twitter (X), Telegram va Twitch platformalari orqali ham loyihaning xalqaro qamrovi mustahkamlanib, mazkur tarmoqlardagi umumiy auditoriya bir necha million nafarni tashkil etdi.
UzChess mobil ilovasi loyihaning muhim tarkibiy qismi sifatida faol rivojlanmoqda. Bugungi kunda ilovadan 700 ming nafardan ortiq foydalanuvchi foydalanib kelmoqda. Jami 1 million 990 mingdan ziyod shaxmat darslari o‘zlashtirilgan bo‘lib, 25 ming nafardan ortiq ishtirokchiga sertifikatlar topshirilgan. Yil yakuniga qadar ilova foydalanuvchilari sonining o‘sishi 120 foizdan ortiqni tashkil etdi.
Ilova orqali yoshlar Jahon kubogi sohibi, xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov hamda boshqa yetakchi shaxmat ustalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dars olish, sun’iy idrok botlari bilan shaxmat o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, UzChess platformalarida muntazam ravishda sovrinli onlayn turnirlar tashkil etilib, yoshlarning raqobat muhitida o‘z mahoratini sinab ko‘rishiga keng yo‘l ochilmoqda.
Shuningdek, joriy yilda UzChess tashabbusi bilan UzChess Cup xalqaro turniri o‘tkazildi. Mazkur musobaqa O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Turnir doirasida jahon reytingining TOP–10 taligiga kiruvchi yetakchi shaxmatchilar, shuningdek, xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mahoratli grossmeysterlar ishtirok etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA